Samarqandda kurashchi hakamga musht tushirdi, holat jiddiy muhokama etilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda milliy kurash bo‘yicha Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida polvonlardan biri hakamga musht tushirgani aks etgan video tarqaldi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida Samarqandda viloyat kurash federatsiyasi ijrochi direktori Ibrohim Karimov bilan bog‘landik.
Karimovga ko‘ra, chempionatning ikkinchi kunida, ya’ni 27 fevral kuni 81 kg vazn toifasida yarim final uchun kurashgan Mirqosim Berdiyorov musobaqani boy berganligi haqidagi hakam qaroridan norozi bo‘lib unga musht tushirgan.
Hakamning bu qaroriga muxlislar ham norozilik bildirgan. Kurashchi esa ikki yilga diskvalifikatsiya qilingan. Bu norozilikdan keyin hakam qarori muhokama qilindi va hakamning qarori noto‘g‘riligi aytildi. Ammo qaror rasman tasdiqlanmadi.
To‘g‘ri, sportchi hakamdan norozi bo‘lib, unga qo‘l ko‘targani sportchiga xos bo‘lmagan ish va jiddiy xato. Gap shundaki, kurashchi shu musobaqaga qatnashish uchun 8 kg ozgan. Hakamning qaroridan norozi bo‘lib o‘zini tutib turolmagan. Aslida sportchi har qanday holatda o‘zini tutishi lozim. Holatga to‘g‘ri baho berish uchun videoning to‘liq varianti topilsa, masalaga oydinlik kiritiladi.
Aslida, videoning bir qismi qirqib ijtimoy tarmoqqa tarqatilgan. Endi Toshkentdagi yig‘in doirasida to‘liq qaror e’lon qilinadi, - deydi Ibrohim Karimov.