"Dinamo" gruziyalik himoyachi va ganalik hujumchi bilan shartnoma imzoladi

Superliga yangi mavsumi oldidan "Dinamo" klubi o‘z tarkibini kuchaytirishda davom etmoqda.

Klub axborot xizmati xabariga ko‘ra, gruziyalik markaziy himoyachi Anton Tolordava "Dinamo" jamoasi bilan bir yillik shartnoma imzoladi.

27 yoshli legioner 2024 yilning oxirigacha Samarqand klubi sharafini himoya qiladi. O‘tgan mavsumda Qozog‘istonning «Shaxtyor» klubi safida to‘p surgan Tolordava 23 o‘yinda 2 ta golga mualliflik qilgan. Ungacha esa Anton Gruziya, Serbiya, Estoniya chempionatlarida faoliyat yuritgan.

Klub ganalik 25 yoshli hujumchi Emmanuel Yagr bilan ham bir yillik shartnoma imzolagan.

Yagr yakunlangan mavsumda Qirg‘izistonning «Abdish-Ota» klubi safida mamlakat chempioni bo‘ldi va erkin agent sifatida «Dinamo»ga qo‘shildi. U «Dinamo»ning Toshkentdagi mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun, Yagr OFK kubogida ham «Abdish-Ota»da muvaffaqiyatli ishtirok etib, 6 o‘yinda 3 ta gol urgan,2 ta golga assistentlik qilgan.

U 2022 yil Qirg‘iziston chempionatida eng yaxshi to‘purar bo‘lgan – 23 o‘yinda 14 ta gol. 2023 yilda esa 11 gol bilan 2-o‘rinda.