Diplomingiz yo‘qoldimi? Tashvishlanmang, dublikat olishda yengilliklar yaratilgan

Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi Madina Qurbonovaning zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 iyuldagi 395-sonli qarori bilan oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning dublikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, yo‘qolgan yoki foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan, shuningdek, shaxsning ismi (familiyasi, otasining ismi) o‘zgarganda ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy davlat hujjatlari dublikatini olish uchun davlat xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar hamda professional ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlarning dublikatini olish xizmati qo‘shildi. Ushbu xizmatni amalga oshirish uchun arizada fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari, yashash manzili va ta’lim olingan muassasa nomi kiritiladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, yuborilgan murojaat 15 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Xizmatdan foydalanishda bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.

Qulay tomoni shundaki, diplom dublikatini yetkazish uchun pochta kurerlik xizmati ham mavjud. Jo‘natmaning holati va qo‘shimcha ma’lumotlarni "UzPost" sahifasi orqali bilib borish mumkin.

Shu kunga qadar Samarqand shahar davlat xizmatlari markazida bu xizmat uchun 200 ga yaqin ariza qabul qilingan. Murojaatlarning 114 tasi qanoatlantirilgan, 30 dan ortiq ariza ko‘rib chiqish jarayonida va 8 ta ariza asosli rad etilgan.

Arizada noto‘g‘ri ma’lumot kiritilsa, rad etiladi. Murojaatchi qayd etilgan oliy o‘quv yurtida o‘qimagan bo‘lsa ham uning arizasi qaytariladi.