Diqqat, tanlov! “ENG ULUG‘, ENG AZIZ” an’anaviy ko‘rik-tanloviga onlayn tarzda ijodiy ishlar qabul qilinyapti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi mamlakatimiz mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovini e’lon qiladi.

Tanlovga “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan va 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturi doirasida mamlakatimizni har tomonlama obod qilish, uning iqtisodiy qudratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi va obro‘si oshib borayotgani, pandemiya sharoitida ham davlat va jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar izchil davom etayotganini hayotiy misollar va ilmiy asoslangan tahlillar asosida xolis va haqqoniy yorituvchi ijodiy asarlar qabul qilinadi.

“Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovi quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:

– yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari;

– bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari;

– ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari;

– televideniye va radio ijodkorlarining materiallari;

– tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari;

– kino san’ati asarlari.

Shuningdek, tanlov doirasida Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan bosma OAV, veb-sayt, telekanal va radiokanallar ijodkorlari uchun har bir yo‘nalish bo‘yicha bittadan “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” rag‘batlantiruvchi nominatsiya joriy etilmoqda.

Ko‘rik-tanlovga 2019 yilning 15 avgustidan 2020 yilning 15 avgustigacha bo‘lgan davrda rasman chop etilgan adabiy-badiiy asarlar, gazeta-jurnallar va internet nashrlarida e’lon qilingan maqolalar, radio va telekanallarda efirga uzatilgan materiallar, namoyish etilgan tasviriy san’at va kino san’ati asarlari joriy yilning 10 sentyabriga qadar qabul qilinadi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblari 2020 yil sentyabr oyida taqdirlanadilar va ularning ro‘yxati matbuotda e’lon qilinadi.

Koronavirus pandemiyasi sababli karantin qoidalaridan kelib chiqib, tanlovga yuboriladigan ijodiy ishlar onlayn shaklda qabul qilinadi.

Ishtirokchilar (muallif va uning professional faoliyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot; pasport nusxasi; manzil va bog‘lanish telefonlarini ilova qilgan holda) o‘z ijodiy ishlarini “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanloviga hamda “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” nominatsiyasiga deb (nominatsiya yo‘nalishini) ko‘rsatgan holda quyidagi shakl va formatlarda tanlov2020@aimc.uz elektron pochtasiga yoki @tanlov2020 telegram manziliga yuborishlari lozim:

– yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari pdf formatda;

– ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari havolalar (ssilka) ko‘rsatilgan holda;

– tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari JPG formatda;

– kino san’ati asarlari AVI formatda google disk, yandex disk yoki boshqa virtual resurslarga yuklanib, havolasi yuboriladi (mazkur havola 30 kun davomida ishlab turishi zarur);

– televideniye va radio ijodkorlarining materiallari mp3 hamda AVI formatda google disk, yandex disk yoki boshqa virtual resurslarga yuklanib, havolasi yuboriladi (mazkur havola 30 kun davomida ishlab turishi zarur).

Eslatma: yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari bitta kitobdan, kino san’ati asarlari bitta to‘liq metrajli kinoasardan, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlarining materiallari, tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari uchtadan kam bo‘lmasligi lozim.

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining 71 244-32-33 telefon raqamiga murojaat qilinishi mumkin.