«Dok-1 MAKS» va «Ambronol» dori vositalari laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagan bo‘lib chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan «Quramax Medikal» MChJ hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 1863-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan «Dok-1 MAKS» va «Ambronol» dori vositalarining nojo‘ya ta’siri oqibatida, hozirga qadar «o‘tkir buyrak yetishmovchiligi» tashxisi bilan davolangan bemor bolalar hayotdan ko‘z yumgan.
«Quramax Medikal» MChJ tomonidan mamlakatimizga import qilingan ushbu preparatlar «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilgan hamda ularga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ mas’ul xodimlari tomonidan me’yoriy-huquqiy hujjat talablari qo‘pol ravishda buzilib, ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmaganligi natijasida, sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Jinoyat ishi doirasida «Quramax Medikal» MChJning 2 nafar rahbar xodimlari hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJning 2 nafar mas’ul xodimlari gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirilgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida «Quramax Medikal» MChJ tomonidan Hindiston davlatidan O‘zbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining bojxona nazoratidan o‘tkazilishi to‘xtatildi hamda mamlakatimiz dorixonalaridagi bunday preparatlar yig‘ib olindi. Hozirda bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda.
«Quramax Medikal» MChJga tegishli dori vositalarini O‘zbekistonda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi hamda sog‘liqni saqlash tizimidagi mutasaddi xodimlarning ushbu holat bo‘yicha amalga oshirgan harakatlarini tekshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.