"Dok-1 MAKS"ning fojiali oqibatlarini birinchi bo‘lib aniqlagan markaz mas’ullari ishga tiklanishi mumkinligi aytilmoqda

Xabaringiz bor, "Dok-1 MAKS" dori vositasi atrofidagi voqealardan so‘ng bir guruh shifokorlar ishdan olingan edi. Ular orasida aynan yuqoridagi dori vositasining zararli oqibatlarini fosh qilgan shifokorlar — Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Mamatqul Azizov hamda shifoxonaning gemodializ bo‘yicha mutaxassisi Bahodir G‘aniyevning borligi jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

4 yanvar kuni markaz rahbari Azizovga yaqin bo‘lgan manbalar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda "Dok-1 MAKS" voqeasi ortidan vazifasidan bo‘shatilgan shifokorlar qayta ishga tiklanishi haqida xabarlar tarqatila boshlandi. Unga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vaziri shifokorlar bilan suhbatlashgan hamda xodimlarning ishdan olinishi bilan bog‘liq qaror qaytadan ko‘rib chiqilishi aytilgan.

Ishdan olingan shifokorlar orasida bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi vakillaridan tashqari yana bir qator muassasa xodimlari bor.

Jumladan, Toyloq tumanidagi "Olmazor" oilaviy shifokorlik punkti (OShP)da ishlab kelayotgan bir necha shifokor va hamshira ishdan bo‘shatilgani ma’lum bo‘ldi. Ammo “o‘lim dorisi” bilan bog‘liq fojiada qishloq shifokorlari va hamshiraning qanchalik aybi borligi ochiqlanmadi. Zarnews.uz muxbiri holatni o‘rganish uchun Toyloq tumanida bo‘lib, ishdan olingan shifokorlar — "Olmazor" OShP mudiri X.Muzaffarov hamda oilaviy shifokor U.Mahmudov bilan suhbatlashdi. Ma’lum bo‘ldiki, mazkur shifokorlar bemor bolalarga “qotil dori”ni yozib bermagan, tavsiya ham qilmagan. Dastlabki ko‘rikdan so‘ng bemor tahlil olish uchun Samarqand shahriga ketilgan bo‘lgan.

Nima bo‘lganda ham "Dok-1 MAKS" voqeasi ortidan aynan dorining zararli ekani haqida ma’lum qilgan muassasa vakillari va “ho‘lu quruq baravar yonayotgan” chog‘da ishdan olingan qator shifokorlarning ishga tiklanishi masalasi borasida bir necha manbalar xabar bermoqda.

Shu bilan birga hozircha mazkur xabar bo‘yicha biror bir rasmiy ma’lumot e’lon qilingan emas. Ammo tez orada tegishli idoralar tomonidan masalaga oydinlik kiritilishi kutilmoqda.

Anvar MUSTAFOQULOV.