“Doktor Kobra” “Shuhrat”li bo‘ldi
Alisher Yormatov nomi bugun nafaqat Samarqand, balki mamlakatimiz ahliga juda yaxshi tanish bo‘lib qoldi. U kishining ilonlarga o‘zgacha mehri-yu, hayoti davomida 32 marta o‘lim bilan yuzma-yuz kelgani haqidagi gaplar allaqachon ko‘pchilikning qulog‘iga yetib borgan.
Haqiqatan ham tabiatga oshno bu inson odamlarni davolashda faqat tabiatning o‘zidan, ammo ehtiyotkorona foydalanish kerak, deb hisoblaydi. Garchi bir necha marta o‘lim bilan yuzma-yuz kelsa-da, ilonlarga munosabatini o‘zgartirmagani, aksincha, ularni asrash, ko‘paytirish bo‘yicha yana ham g‘ayrat bilan ishga kirishganini kuzatish mumkin.
"Ginnesning rekordlar kitobi"ga kirishni maqsad qilgan tabib yaqinda Prezident farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi a’zosi, "Xalq tabobati fidoyisi" ko‘krak nishoni sohibi Alisher Yormatovni xavfli kobralar tilini topishga nima undayotgani, bu qiziqishlariga sabab nimaligi bilan qiziqdik.
- E’tibor bersangiz, tibbiyot muassasalari ramziga aylangan idishga zahar solayotgan ilon tasviri bor. Bu bejiz emas, - deydi “Shuhrat” medali sohibi Alisher Yormatov. – Ilon zahrining foydali jihati qadim-qadimdan ma’lum bo‘lgan, undan foydalanilgan hamda keyinchalik sanoat usulida ishlab chiqarilgan dori vositalarida ham ushbu zahar ishlatilgan. Men bolaligimdan ilonlarga qiziqqanman, ular bilan muloqot qilganman. Kim bilsin, balki hamma qo‘rqqani uchun, bu qo‘rquv menga begona ekanligini o‘zimga isbotlagim kelganmi yoki tabiatan shunaqa qiziqishim kuchli bo‘lganmi, ilonlar juda aqlli jonivor ekanligini, ular hech qachon odamga birinchi bo‘lib hamla qilmasligini o‘sha paytiyoq tushunganman.
To‘g‘ri, uyimizda ilonlarni saqlay boshlaganimda ko‘p noroziliklarga duch keldim. Lekin barchasini yengib o‘tdik, yaxshi gap, to‘g‘ri muomala bilan.
Bundan yigirma yillar avval qo‘limga akademik Pavlovskiyning bir kitobi tushib qoldi. O‘sha kitobda ilonlarning zahri bilan davolash usullari haqida o‘qidim va bunga qiziqib, turli manbalar bilan tanishib chiqdim. Shundan keyin ilon zahrini olish va undan foydalanishni avval o‘zimdan boshladim. Natijasini sezdik, farzandlarim salomatligi uchun ularni qo‘lladim. Ilonlar zahrini olish chog‘ida ehtiyotsizligim va tajribasizligim sabab bir necha marta ular meni chaqdi. Ba’zi barmoqlarim yaroqsiz holga keldi hatto. Lekin boshlagan ishimni to‘xtatib qo‘ymadim. Izlandim, o‘rgandim, o‘nlab xorij davlatlarida bo‘ldim. Ko‘plab xastaliklarni aynan ilon zahri bilan davolash sirlarini o‘rgandim va bugungi kunda o‘nlab xastaliklarni shu usulda holda davolab kelyapman.
Alisher Yormatov ilon zahridan malham, balzam va ukollar tayyorlaydi. Nurobod tumanining Jom qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan tabib shu yerda salomatlik markazi barpo etib, odamlarni davolayapti. Hatto saraton xastaligini davolab, natijaga erishgach, u kishidan shifo istab keluvchilar soni oshdi.
- Odamlarning juda ko‘p kimyoviy dorilar iste’mol qilishi ularning salomatligiga jiddiy zarar keltiradi, - deya suhbatni davom ettiradi tabib. - Ilon zahri esa inson immunitetini ko‘taradi, uning salomatligini yaxshilaydi. Pandemiya payti oila a’zolarimizdan birortasi koronavirusga chalinmadi. Bu ham ilon zahrini ma’lum me’yorda, profilaktika uchun iste’mol qilayotganimiz tufayli. Biz tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda ishlasak, juda katta natijalarga erishishimiz mumkin.
Alisher Yormatovning bu ishini bugun farzand, nevaralari ham davom ettirmoqda. Hayotini xavf ostiga qo‘yib, 32 marta o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan bu insonning hayot va faoliyati haqida gapirsangiz, katta kitob bo‘ladi. Axir tabibning hayoti mazmuniga aylanib ketgan bu ulkan qiziqish, haliyam katta rejalarga undayotgan, “Doktor Kobra” taxallusini bergan tabiatning bu jonivorlari bilan sehrli do‘stlik noyob hodisa-da.
Gulruh MO‘MINOVA.