“Dolzarb 90 kun”: Ta’lim, ijod, sport va sog‘lom turmush sari yo‘l

Samarqand tumanida o‘quvchilarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kun”  dasturi boshlandi.

Dastur erta tongda tuman hokimligi, faollar, nuroniylar, o‘qituvchi-murabbiylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillarining "Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam" shiori ostidagi piyoda yurish marafoni bilan boshlandi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar tumandagi 10- umumta’lim maktabida tashkil etilgan dolzarb oylik ochilishiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminarda ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan loyiha doirasida 1 iyundan 30 avgustgacha maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilishi takidlandi.

- Joriy yilning 15 may kuni Prezidentimiz rahbarligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari G‘ayrat Boboxolov. - Yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” dasturi e’lon qilingandi.

Mazkur masalada Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, mahalla uyushmasi, tuman yoshlar ishlari bo‘limlari hamkorligida tumanimizda “Dolzarb 90 kun” davomida umumta’lim maktablaridagi o‘quvchilar va mahallalardagi uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 3 oyga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dasturga asosan tumandagi 54 ta umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 40 mingdan ortiq o‘quvchi tadbirlarga qamrab olinadi. Tadbirlani yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun ming nafardan ortiq o‘qituvchi va murabbiylar jalb qilinadi. Mahalla yoshlar yetakchilari tomonidan tadbirlarga jami mingga yaqin  uyushmagan yoshlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

“Dolzarb 90 kun” tadbirlari davomida 156 ta tanlov, 98 ta musobaqa va 110 ta turli tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ishtirokchilar  o‘quvchilar tomonidan yaratilgan mahsulotlar, sport o‘yinlari va ma’naviy-madaniy tadbirlar bilan tanishdi.

Baxtiyor Mustanov.