Domla Kamoliddin Oxun shukronasi

Shova uzun soy. Fangatga taqaladi. Yilning bir fasllari borki, ko‘rku chiroyda bundan o‘tar joy bo‘lmaydi. Soy boshiga qarab yurgich yo‘ldan chap qo‘lda, keng shappatda qadim qabriston bor. Uchi quyrug‘ini bechama ko‘z sezolmaydi. Biyday taqir. Yo‘g‘-a, tepa bir hovuchgina joy ko‘m-ko‘k. Uzun yoz bu yerda qamishlar yellar sarsariga tebranib turadi. Xuddi shu joyda ikkita qabr bor: biri domla Kamoliddin Oxunniki; biri zavjalari Fotima – Bevatin momoniki...
Shovaliklar qiziq gap aytishdi: domla qo‘yilmasidan burun bu yerda hech narsa yo‘q ekan... Qamish keyin paydo bo‘lgan emush...
Domla Kamoliddin Oxun Olim o‘g‘li (1865-1961) valiy o‘tgan ekanlar. Sag‘irlik bilan katta bo‘lib, inoyat nasib etib Buxoro madrasalarida ta’lim olgan ekanlar.
Domla Kamoliddindan amaki nabirasi Mahmud bobo o‘z qulog‘i bilan mana bu hikoyani eshitgan ekan:
“Madrasani tamomlar chog‘imizda katta sinov bo‘ldi. Unda Arabistondan, Makkai Mukarramadan olimlar ishtirok etishdi.
Arkka bordik. Shu yerda arabistonlik olimlar men bilan alohida suhbat qilishdi va so‘ngida saroydan holimga yarasha ish taklif etishdi.
Men rostimni aytdim:
- Sahroyi odamman. O‘z yurtim ma’qul, - dedim. Bu javobim ularga ma’qul keldi, shekilli, Nurota bekligining Jo‘sh qishlog‘iga jo‘natishdi...
Domla 1904-1922 yillargacha – Buxoro amirligi tugaguncha Jo‘shda xizmat etib, qolgan umrini Shovada o‘tkazdi.
Farishta sifat ekan: oppoq, toza kiyimdagi oq sariq, siyrak soqol, qo‘y ko‘z, nurli yuz inson qiyofasi hali bor hali elda eslanadi.
Ilmu urfoni, valiylik sifatlari ko‘p yodga olinadi. Eldoshlari haqlarida faxru g‘urur bilan gapirishadi.
Jo‘sh qishloq fuqarolar yig‘inidagi Chimmos qishlog‘ilik mulla Xushbekdan yozib olingan tariqat silsilasiga ko‘ra, shajara Hazrati Abu Bakr Siddiq (r.a.) dan boshlanib 32-tartibda Mavlono Kamoliddin Shavoiyga yetgan. Ushbu Naqshbandiya tariqati shajarasi Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi hoji Abdusattorda saqlanadi. Domla Kamoliddinga berilgan irshod xati esa Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Andoq qishlog‘ilik Abdujabbor Abdurahmon Mahmud o‘g‘lida.
Domla Kamoliddin xos shogirdlari:
- Urgutlik domla Sharif,
- Qori Vali,
- Baland qishloqlik Domla Ishoq,
- Andoqlik Abdurahmon Mahmud ekanligi rasman haqiqat esada, yozma irshod berilgan – berilmaganligi noma’lum.
Ulardan tashqari Payariq tumani Chelak qishlog‘idan Domla Jo‘ra, Xatirchining Oltinsoyidan Domla Muhammadsoli, Ishtixonning Orlotidan Temurxon to‘ra, Qo‘shrabotning Pichotidan Mulla Obloqul Jiyanbek o‘g‘li, moybuloqlik Eshoni Sherxon to‘ralar ham tarbiya va duolarini olishgan.
U zotdan yozma meros borligi aytiladi, ammo topilgan emas. Hurmatlariga Samarqand shahrida jome masjid qurilgan.
***
Shu zot befarzand o‘tdi. Ayoli Buvatin momo bilan ahillikda o‘tgan umrlari ham elu xalqqa ovoza bo‘lib qoldi.
Domla Kamoliddin Fotima momoni hurmatlab “Buvatin” deb atagan. Ma’nosi “bibi otin” degani ekan. Chunki bu ayol o‘z davrida ilmi pesh, darajasi ulug‘ ekan...
Eldosh oqsoqollarmi, bo‘yinsalarimi – har qalay yaxshi niyatli yaqinlari Domlaning ko‘ngliga qo‘l solishibdi:
- Domla, umri xayol o‘taberadi. Yoshingiz ham ancha bo‘p qoldi. Sizni yana uylantirsak...
Domla ko‘p jim turibdi. Ko‘zini yerdan uzmay, cho‘k tushib, chuqur xayolga kiribdi. Ancha o‘tib, boshini ko‘taribdida:
- Qulluq yaxshilar! Yaratgan farzand beraman desa menga shu ayoldan berar edi. Men u bilan o‘tdim, boshqa ovvora bo‘lmanglar, – debdi...
Keng maydonga yastanib yotgan yaydoq qabristonning aynan bir burjidan ko‘kargan ko‘m-ko‘k qamishlar bejiz emas. Yer yuzi hikmatga to‘la.
Suyundik Nurotoiy.