Dori vositalari yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida sotgan shaxslar javobgarlikka tortiladi

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Temirov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda A.Temirov dolzarb savollar yuzasidan javob qaytardi:

Savol: Koronavirusni davolashda ishlatiladigan dorilar o‘zimizda ishlab chiqariladimi?

Javob: COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik qo‘llanmaga (6-versiya) muvofiq, bemorning ahvoli va kasallikning kechishiga qarab, 50 ga yaqin dori vositasi qo‘llanilishi mumkin. Bular: viruslarga qarshi, antibakterial va zamburug‘larga qarshi vositalar, antikoagulyant, antiagregant vositalar, yallig‘lanishga qarshi, glyukokortikosteroid vositalar, vitaminlar, mikroelemntlar, mukolitik va balg‘am ko‘chiruvchi, dekongestant vositalar (qon tomirlarni mahalliy toraytiruvchi vositalar), qusishga qarshi, oshqozon-ichak tizimi dori vositalari, diuretik vositalar, adrenomimetiklar, metabolik jarayonlarni to‘g‘rilovchi vositalar.

Mamlakatimizda umumiy 100 ta dori vositalarini ishlab chiqaradigan korxona mavjud. Ulardan 25 ta korxona davolash protokoliga asosan qo‘llanadigan 215 turdagi dori vositalarni ishlab chiqarmoqda va bu ko‘rsatkich kun sayin ortib bormoqda.

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan “Nobel Pharmsanoat” kompaniyasi «Kovipir» nomi ostida favipiravir faol moddasi asosida dori vositasini ishlab chiqarish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini boshladi va yangi dori vositasi qisqa muddatlarda o‘zlashtirildi. Ushbu favipiravir faol moddasi saqlovchi dori vositasi Yaponiya, Rossiya va bir qator davlatlarda koronavirus infeksiyasini davolashda yuqori samara ko‘rsatib kelmoqda.

Savol: Ayrim «tadbirkorlar» aholi tomonidan ehtiyoj ko‘p bo‘lgan dori vositalarini dorixonada emas, balki «qora bozor»da pullayotganlarini eshityapmiz. Dorilarni dorixonadan tashqarida sotganlik uchun javobgarlik bormi?

Javob: Jinoyat kodeksiga muvofiq, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bunda mazkur huquqbuzarlikni sodir etishdagi qurollar va ashyolar musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda: hozirda 11 115 000 so‘mdan — 22 300 000 so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Dori vositalarini chakana realizatsiya qilishga faqat farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislarga ruxsat etiladi.

Savol: Koronavirusga chalinib, uyida davolanayotgan yoki kasallik alomatlari bor bemorlar qaysi bepul dori-darmonlar bilan ta’minlanyapti?

Javob: Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari orqali bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash belgilandi.

Uyda davolanayotgan fuqarolarga tarqatiladigan bepul dorilar:

— «Gidroksixloroxin», «Azitromitsin» — antibakterial vosita hisoblanadi, faqat shifokor ko‘rsatmasi bilan qo‘llaniladi,

— «Paratsetamol» — harorat ko‘tarilganda qabul qilish uchun,

— «Askorbin kislotasi» (Vitamin S) — immun tizimini yaxshilash uchun,

— shuningdek, qutichada 10 dona tibbiy niqob ham bor.