Doridan bolalar zaharlanishi bo‘yicha hozircha natijalar e’lon qilinmadi, SSV holat tahlil qilinayotganini aytdi

Avvalroq Samarqand shahridagi dorixonalardan xarid qilingan “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalarini qabul qilgandan so‘ng bemor bolalarda turli nojo‘ya ta’sirlar va o‘lim holati kuzatilayotgani haqida xabar tarqalgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, «Samarqand shahrida «Dok-1 Maks» tabletka va sirop dori vositalari oqibatida nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani gumon qilingan bemorlar holati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi maxsus ishchi guruhi viloyatda o‘rganish olib bormoqda.

Uning tarkibiga vazirlik, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi xodimlari, bolalar nefrologi, pediatr kabi malakali mutaxassislar kiritildi. Ular har bir gumon qilingan bemor bola anamnezi bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazmoqda. Xulosa natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilingan.