Dorivor o‘simliklar bilan davolanamiz

Dorivor o‘simliklar haqida gap ketsa, shubhasiz, ko‘z oldimizga «Saroy javohiri» filmi keladi. Chunki film bosh qahramoni Tangem qaysi o‘simlikning qanday kasallikka naf berishini aniqlab, davolashda faqat tabiiy giyohlardan foydalanadi.

Qiziqib ko‘rsak, Koreya, Xitoy davlatlarida bugun ham dorivor o‘simliklar madaniy holda yetishtirilib, zamonaviy tabobatda keng qo‘llanilar ekan.

Qo‘limizga Ibn Sinoning «Tib qonunlari»ni olamiz. Unda ham aksariyat kasalliklarning davosi dorivor o‘simliklarning guli, bandi yoki tomiridan tayyorlangan malhamda mujassam bo‘ladi.

Imtiyozlar el salomatligi uchun

Bu mavzuda bejiz gap ochmadik. Yurtimizda keyingi yillarda dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, ular yetishtiriladigan plantatsiyalarni tashkil qilish va qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz shu yil 10 aprelda «Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Ushbu hujjat asosida dorivor o‘simliklarni yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash klasterlari tashkil etiladigan bo‘ldi. Muhimi, tashkil etiladigan klasterlar, ularni yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar tomonidan 2023 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan xomashyo, shu jumladan, madaniy plantatsiyalar barpo etish uchun urug‘ va ko‘chatlar, uskunalar hamda maxsus texnikalar, shuningdek, fitobarlar uchun zarur jihozlar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Bu nimadan dalolat, dersiz. Bu, agar yurtimizda o‘sayotgan dorivor o‘simliklardan 112 turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun ro‘yxatga olinganini va 70 turi farmatsevtika sanoatida qo‘llanilishini hisobga olsak, kelgusida shifobaxsh o‘simliklarni ko‘proq yetishtirish bilan birga uni tizimli ravishda qayta ishlash orqali tarmoqni rivojlantirish mumkin, degani. Natija esa, avvalo, salomatlikni asrash va albatta, iqtisodiy foyda.

Keling, shu ikki jihatni mutaxassislar xulosalari asosida tahlil qilaylik.

Kimyoviy usulda tayyorlangan dori afzalmi yoki tabiiy giyoh?

- Yurtimizda 4 ming 300 dan ortiq o‘simlik o‘sadi, shundan 750 turi dorivor sanaladi, - deydi tibbiyot fanlari doktori Saydulla Rasulov. - Tabiiy dorivor o‘simliklar inson salomatligi uchun juda muhim. Masalan, ko‘pchilik biladigan oddiy isiriqni olaylik. Bugungi pandemiya sharoitida odamlarimiz uni tutatib, virusdan saqlanishda keng foydalanmoqda. Chunki unda shunday xususiyat bor. Bundan tashqari, uning salomatlik uchun afzalliklari juda ko‘p: xalq tabobatida oddiy isiriqdan tayyorlangan vannalar revmatik artritlar va teri, uning qaynatmasi esa shamollash, bezgak, nevrasitiniya kasalliklarida o‘ta foydali.

Endi ko‘pchilik bilmaydigan shifobaxsh giyoh – za’faron (uni ko‘proq shafran deyishadi) ning foydali jihatlariga to‘xtalaylik. Za’faron xushbo‘yligi, ta’mi va davolash xususiyati bilan o‘simliklar orasida tengsiz hisoblanadi. Shuning uchun uni ilgari Sharqda “qizil oltin” deb nomlashgan. Muhimi, u 100 dan ortiq xastalikni davolovchi shifobaxsh xususiyatga ega.

Ba’zilar zamonaviy tibbiyot rivojlangan zamonda giyohlardan foydalanishga zarurat bormi, deyishi mumkin. O‘ylab ko‘ring-chi, inson sog‘ligi uchun qay biri afzal: kimyoviy usulda tayyorlangan dori vositalarimi yoki tabiiy giyohlar? Kimyoviy yo‘l bilan tayyorlangan dori inson organizmining ma’lum a’zosiga davo qilish barobarida boshqasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday preparatlarni ko‘p qabul qilish tufayli boshqa xastaliklarga chalinish, allergik kasalliklar bilan og‘rish hollari ham sodir bo‘ladi. Sababi, ular organizmning immunitetini pasaytiradi. Bu bilan bunday dorilardan voz kechish kerak, demoqchi emasman. Ulardan o‘z o‘rnida, deylik, kasallik xavfi yuqori pallada tez ta’sir ko‘rsatishi uchun foydalanish maqsadga muvofiq.

Shifobaxsh giyoh – oltindan qimmat

Yurtimizda shifobaxsh o‘simliklarni tabiiy holda asrash, yetishtirish, yig‘ish bilan asosan o‘rmon xo‘jaligi xodimlari shug‘ullanadi. Albatta, bu yumushlar zamirida iqtisodiy foyda olish ham bor. Xo‘sh, bu borada Jomboy o‘rmon xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili qanday?

- Xo‘jaligimizning umumiy yer maydoni 1090 gektarni tashkil etadi, - deydi Jomboy o‘rmon xo‘jaligi bosh o‘rmonbegi Jaloliddin Yuldashev. – Shuning 44 gektarida moychechak, kalendola, makka popugi, na’matak, chakanda, topinambur kabi dorivor o‘simliklar yetishtiryapmiz. Ochig‘i, dorivor o‘simliklar yetishtirish va to‘plash ishlariga e’tibor qaratilganiga endi uch yil bo‘lyapti. Shuning uchun bu borada tajribamiz oshdi yoki iqtisodiy foydamiz ko‘paydi, deya olmaymiz. Ammo dorivor giyohlarga talab ortmoqda. Hatto oshqovoq urug‘iga talabgor bor. Shuning uchun ayni kunda 2 gektar ochiq maydonda oshqovoq ekyapmiz, tag‘in g‘alladan bo‘shagan yana 6 gektar maydonda ham ekishni mo‘ljallab turibmiz.

- Dorivor o‘simliklar yetishtirishning mehnati og‘ir, daromadi shunga yarashami? - so‘raymiz suhbatdoshimizdan.

- Ochig‘i, ayrim giyohlarni arzon so‘rashadi. Lekin uni yetishtirayotgan 50 nafar ishchimiz bundan ko‘pam ranjimaydi. Gohida xizmat haqini pulga chaqishni unchalik xush ko‘rmaydi. Lekin boshqa bir giyohlar borki, daromadi ularning ham o‘rnini qoplaydi. Masalan, 1 gektar yerda na’matak yetishtirish uchun 21,1 million so‘m xarajat qilib, 48 million so‘m sof foyda olish mumkin. Pol-poladan 17 million so‘m xarajat evaziga 38,3 million so‘m daromad olinadi.

Za’faron o‘simligining iqtisodiy foydasi haqida esa alohida gapirish mumkin. Bugungi kunda jahon bozorida 1 kilogramm za’faronning narxi 400 dollardan 1000 dollargacha baholanadi. 1 kilogramm guli 5000 dollargacha sotiladi. To‘g‘ri, uni yetishtirish juda mashaqqatli ish. Lekin 1 gektar plantatsiyadan birinchi yil o‘rtacha 4 kilogramm, ikkinchi yili 7-8, keyingi yillarda 15-16 kilogrammgacha hosil olinadi. Bu yil xo‘jaligimizda 4 gektar yerda za’faron yetishtiryapmiz. O‘tgan yili bu noyob dorivor o‘simlikni parvarishlash yo‘l-yo‘riqlari, uning o‘ziga xos tabiati haqida ma’lumotlar to‘pladik, o‘rgandik. Kelgusi yil uni 6 gektar maydonda yetishtirmoqchimiz.

- Bu shifobaxsh giyohlarga qaysi farmatsevtika korxonalari talabgor?

- O‘tgan yili mahsulot yetkazib berish bo‘yicha «Samarqand dori-darmon», «Shifobaxsh» ishlab chiqarish birlashmasi hamda «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli farmatsevtika korxonalari bilan shartnoma imzolagandik, - deydi Jaloliddin Yuldashev. - Ularga 1,5 tonnaga yaqin mahsulotni o‘rib, quritib, yetkazib berdik. Bu yil 14 turdagi 2,5 tonna dorivor va ozuqabop o‘simlik mahsulotlarini farmatsevtika korxonalariga sotishni mo‘ljallaganmiz.

Tabiat har bir giyohni yillar osha «sayqallab» yaratgan

Dorivor o‘simliklar yetishtirish borasidagi bu ishlar yaxshi. Ammo keyingi paytlarda bu o‘simliklardan noqonuniy tartibda, xo‘jasizlarcha foydalanish hollari avj oldi. Bunday deyishga asosimiz bor. Siz Samarqand shahri yoki tuman markazida ishlasangiz ishxonangizga zira, na’matak yoki moychechak ko‘tarib keladigan kishilarga duch kelgandirsiz.

Yaqinda ishxonamizga shulardan biri keldi. Unda yovvoyi holda o‘sadigan dorivor o‘simliklarni terish va savdosi bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma yoki hujjati bor-yo‘qligi bilan qiziqdik. Nima bo‘ldi deng? Sotuvchi «Shungayam hujjatmi? Ota-bobom tabib o‘tgan. Zarar ko‘rsangiz, mana, men kafil», dedi. Balki u rostdan ham tabibdir. Ammo yovvoyi holda o‘sayotgan dorivorlardan foydalanishning o‘z tartibi, qonun-qoidasi bor. Yuqorida ta’kidlangan qarorning nomi ham aynan yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish. Endi bu tartibsizlikka barham berilar.

- Shifobaxsh o‘simliklar mevasi, guli yoki ildizini bozorlardan xarid qilish yaramaydi, - deydi Saydulla Rasulov. - U kim tomonidan, qanday tayyorlangani siz-u bizga qorong‘i-da. Axir uzum pishganda, bodring barraligida yeyiladi. Xuddi shuningdek, dorivor o‘simliklarning qay pallada terilishini mutaxassislargina biladi. Masalaning boshqa tomoni ham kishini hushyorlikga chorlaydi. Ya’ni, o‘simliklarning shifobaxshligi tarkibiy birikmalari bilan bog‘liq. Soha mutaxassisi bo‘lmasa, ularga qayta ishlab, quritish jarayonida putur yetkazib qo‘yish mumkin.

Masalan, o‘zim guvohi bo‘lgan bir holat: olimlar zirani madaniy holda ko‘paytirish uchun ancha mashaqqat chekishdi. Oqibatda, foyda o‘rniga zarar – ziraning ayrim xususiyatlariga putur yetdi. Hidi, xushbo‘yligi yo‘qoldi. Demak, tabiat har bir giyohni ming yillar osha «sayqallab» yaratgan. Ularning qadriga yetmay payhon qilish, yo‘q qilish gunoh. Nabobat, olamiga yetkazilgan zararni qoplash esa inson qo‘lidan kelmaydi. Qaniydi ayrim tabiat «oshufta»lari buni o‘ylab ko‘rsa.

***

Maqolamiz avvalida, Koreya, Xitoy davlatlarida bugungi kunda ham dorivor o‘simliklar madaniy holda yetishtirilib, zamonaviy tabobatda keng qo‘llanilishini aytgan edik. Endi bizda ham dorivor o‘simliklarni yetishtirish, asrash va farmatsevtika sanoatida keng qo‘llash payti keldi. Buning uchun, avvalo, yovvoyi holda o‘sayotgan shifobaxsh o‘simliklarni asrashimiz kerak, imkoni borlarinigina madaniy holda ko‘paytirishimiz zarur. Muxtasar maqolamizda mutaxassislar fikr yuritganlaridek, malham giyoh – oltindan qimmat. Qolaversa, dorivor o‘simliklar xalq salomatligi barobarida mamlakat iqtisodi uchun ham koni foyda.

Akram HAYDAROV.