Yetmish yil yashabman seni unutib...

Oqdaryolik ijodkor Oygul Mamatova 70 yoshini qarshiladi.

 Oygul opa 1955 yil 17 iyunda Oqdaryo tumanining Chavka qishlog‘ida tug‘ilgan.

Shoiraning “Jannat qushi” romani, “Darvesh ayol” she’rlar to‘plami, “O‘lik shoh” dramasi, “Onalar bayoti”, “Mening Toj-Mahalim”, “Vulqonning tizginlanishi”, “Mening nodavlat tashkilotim” kabi kitoblari nashr etilgan.

Quyida ijodkorning yangi she’rlaridan o‘qiysiz.

***

KETMOQ

Kuz

Xazonlar dod soldi qadamlarimdan,

O‘pkasi ezildi mag‘lub kuzakning.

Ming xil mevalarim poyingga to‘kdim,

Dardin tushunmading oshiq yurakning.

Kuzdan-da umid yo‘q, kutmadim, ketdim.

 

Qish

Men ketdim, qishning-da kayfiyati zo‘r,

Endi zahrin sochar istagan kasga.

Shamning shu’lasiga shukur qilgan el,

Quyoshning taftini unutar asta.

Qahraton, yuragim muzlatding, ketdim.

 

Bahor

Derazamni chertar tun bo‘yi yomg‘ir,

Osmondan kelayotgan havoyi oshiq.

Zaminning qoidasin tushunmaydi u,

Mumkinmas hattoki, oynadan boqish.

Bahor, erk bermading, yig‘ladim, ketdim.

 

Yoz

Saraton, kuymagaysan, dod solmagaysan.

O‘t aro shamsni-da, tan olmagaysan.

Nafsing shaytonni-da, etar muttasib,

Dunyoni pishirib, yeb, to‘ymagaysan.

To‘rt faslingdan to‘ydim, qolmadim, ketdim.

 

Ona Yer

Yetmish yil yashabman seni unutib,

Fasllardan kutib mehru oqibat.

Zamin – meni suygan qora habashim,

Assalom, beminnat, mangu halovat,

Ona yer, bag‘ring keng, yayradim, ketdim.

 

ShOIRLARGA

(Ozariga o‘xshatma)

O, shoirim, yozar bo‘lsam, xayolot bor, halovat yo‘q,

Tunu kun yorimdur qalam, sadoqat bor, xiyonat yo‘q.

 

Bulbulkim, jonimni olmish xalqumiga choh qo‘yib,

Ko‘rgulikkim, har kuyinda tijorat bor, xijolat yo‘q.

 

Qalbim otashdek, yonadur nazm aro adl ishqida,

Olovdin jon olur jonim, qiyomat bor, harorat yo‘q.

 

Xarob kulbam, ustun qalam, panohim bir yulqum qog‘oz,

Qog‘ozning-da, zakoti ko‘p, nazorat bor, daromad yo‘q.

 

Mehnat qilur odamu, har voiz Allohdin bexabar,

Ummat holin etadur tang, talovat bor, salovat yo‘q.

 

Goh qiblagar, goh hiylagar, uqqanni uqmagan talar,

Mezana minbar taginda, joynamoz bor, tahorat yo‘q.

 

Shoiro, minbar, mezana, tokim, ulus boqmas sanga,

Sababkim, har chin so‘zingda bayonot bor, xushomad yo‘q.

 

KO‘NIKISh

Safarim almashdi,

         shaharim almashdi.

Dunyo farog‘atidan

        umidim uzdim.

Menga nima farqi bor,

          joyning, faqat,

Ichadigan zaharim almashdi.

Endi bu zaharga ko‘nikish qiyin.

 

Yashagim almashdi,

        to‘shagim almashdi,

qaysi ostona guldan yaratilgan, ayt,

hammasi yasalgan toshdan, yog‘ochdan,

         tilsiz, iforsiz,

Jasading qaysi eshikdan chiqar,

         nima farqi bor?

To‘shagingda kimdir

         qolmasa jonsiz.

Endi bu to‘shakka ko‘nikish qiyin.

 

Qadrim almashdi,

          sabrim almashdi,

O‘ttiz to‘qqiz kuni o‘tdi yolg‘onning.

Bir kun rost yashadim,

            Tohir, yoningda,

Yo, rab!

Yana Qorabotir tushdi o‘rtaga,

Aytgin,

Zuhro, azizim,

Tuproqning-da nima farqi bor?

Endi bu qabrga ko‘nikish qiyin!

Ko‘nikish qiyin… qiyin!...

            

Sizdek tug‘ilganman

Sal oldin yo keyin keldimmi deyman,

Keng dunyoga sig‘may qolgan chog‘larim.

Ne uchundir meni tushunmoq qiyin,

Yo men tushunmayman zamon torlarin.

 

Haq yo‘lda kimningdir dilin og‘ritsam

O‘z fe’limdan o‘zim yonib ketaman

Baribir o‘zimga ma’quldir shu yo‘l

Shunday tug‘ilganman, shunday o‘taman.

 

Do‘st topish naqadar mashaqqat men-chun

Dushman bo‘lar bir so‘zda besh-begona ham.

Vujudimda yo‘qdir xiyonat kiri,

Menga yor g‘arib baxt, lek shohona g‘am.

 

O‘zim bir dunyoman, o‘zim bir davlat,

O‘zimcha yashayman, atrofim chaman.

Tikonzor, senga-da boshim egmadim,

Guldek tug‘ilganman, guldek so‘laman.

 

Oshig‘ing olchi bo‘lsa, har gaping ma’qul,

Surunsang, bir puldir donoliging ham.

To‘shagingga tufurib ketadir hatto,

Omading qaytganda juft-haloling ham.

 

Bir o‘zim yutganman to‘lg‘oq azobin,

Ro‘zg‘or arobasin-da yolg‘iz tortaman.

Juftimni topmadim avvali-oxir,

Tuldek tug‘ilganman, tuldek o‘taman.

 

Yig‘lasam «hijronning qulisan», demang,

Kulsam, «kiborlarning gulisan», demang.

Jonu, tanim shu Vatan uchun qurbonlik,

«Ey, Oygul, sen kimning kimisan?”, demang.

 

Umr peshtoqiga bilmam necha yil

Rizqim sepilgandir shuni teraman.

Men ham sizlar kabi oddiy bir inson,

Sizdek tug‘ilganman, Sizdek o‘laman.

 

Umr o‘tar...

Qo‘l cho‘zsam, gadoydan qochar muruvvat,

Sheriklik xavfidan ozurda joni.

Paytavamga tushgan qurtlar g‘imirlar,

Yo‘liga sololmay chiqar fig‘oni.

 

Tangrim, kas, nokasga etmagin tobe,

Qurtning suyagi yo‘q, paytava issiq.

Hech kim chorig‘iga o‘t qo‘yolmaydi,

Burqsiydi qadamda achchiq isiriq.

 

So‘nggi qadamgacha shu alfoz hayot,

Isiriq nayrangi aldar dimog‘ing.

Nihoyat chorig‘ing sug‘urib olar,

Juft qilib bog‘lashar yalang oyog‘ing.