Samarqandda telekommunikatsiya tarmog‘iga noqonuniy ulanib, litsenziyasiz internet xizmatlarini ko‘rsatgan shaxsga chora ko‘rildi

“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasining viloyat hududiy shu’basi, “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Oqdaryo tumani bo‘ylab tezkor tadbir o‘tkazgan.
Tadbir davomida fuqaro S.F.S. o‘z uyida noqonuniy ravishda telekommunikatsiya tarmog‘ini tashkil etib, radiorele qurilmasi orqali 9 nafar fuqaroga internet xizmatlarini pullik va bepul tarzda ko‘rsatib kelayotgani aniqlangan.

Tekshiruv natijasida bu xizmatlar uchun hech qanday litsenziya, ruxsatnoma va shartnomalar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, S.F.S. hamda 9 fuqaroga nisbatan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 152-moddasi, 155²-moddasi va 165-moddasiga muvofiq choralar ko‘rilgan.
“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini telekommunikatsiya tarmog‘ini tashkil etish, foydalanish hamda xizmat ko‘rsatishda qonunchilik talablariga rioya etmaslik, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirgan.