Do‘stlik nigohi: bag‘rikenglik, ahillik va totuvlik

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida 30 iyul - Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan shu mavzuda ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar vakillari, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida “Xalq baxtini do‘stlikdan topadi” mavzusidagi do‘stlik va hamjihatlik fotoko‘rgazmasi tashkil etildi. So‘ngra viloyatimizda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlar, mazkur madaniy markazlar tashkil etayotgan turli tadbirlar, xayrli ishlar haqida so‘z bordi.

Samarqand azaldan ko‘p millatli shahar sifatida e’tirof etilib, aholi bir necha millat vakillarining do‘stona, o‘zaro hurmat muhitida yashashga ko‘nikkan, - dedi shoir va yozuvchi Farmon Toshev. - Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu yerda urf-odat, an’analar ham qorishiq, biri birini to‘ldirib, uyg‘unlashtirib, avloddan avlodga o‘tib boraveradi.

Tadbirda Samarqand xalqaro texnologiya universitetida faoliyat yuritayotgan hind va koreys millatiga mansub professorlar, milliy madaniy markaz faollari, talaba va o‘quvchilar turli tillarda o‘z ijod namunalarini namoyish etishdi.
Tadbir yakunida viloyat tojik va tojikzabon milliy-madaniy markazi hamda "Ovozi Samarqand" gazetasi tomonidan "Yosh jurnalistlar" tanlovi g‘oliblari hamda faol ishtirokchilarga tashakkurnoma va sovg‘alar topshirildi.