Dubayda o‘tkazilgan xalqaro tadbirda samarqandlik rektorlar xorijning nufuzli oliygohlari bilan memorandumlar imzoladi
Yaqinda Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida Silk Road Universities Network (SUN) Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘iga a’zo oliy ta’lim muassasalarining VIII Bosh Assambleyasi o‘tkazildi.
“Sun’iy intellekt va katta hajmli ma’lumotlar bazasi davrida universitetlarning roli: muammolar va imkoniyatlar” mavzusiga bag‘ishlangan bu galgi majlisda tarmoqqa a’zo Samarqand davlat chet tillar instituti va Samarqand xalqaro texnologiya universiteti vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash lozimki, Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘i assotsiatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Eron, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston, Janubiy Koreya, Ummon, Gretsiya, Portugaliya, Italiya, Komboja, Iordaniya kabi davlatlarning 80 dan ortiq oliy ta’im muassasalaridan tashkil topgan. Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi asrlar davomida sivilizatsiyalar shakllangan qadimiy Ipak yo‘lining tarixiy ahamiyatini tiklash, turli ilmiy-amaliy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish orqali ta’lim, fan va boshqa sohalar rivojiga hissa qo‘shish, tarmoqdagi oliy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, ziyolilar o‘rtasida tajriba va fikr almashishni rag‘batlantirish hamda ta’lim orqali tinchlik va hamjihatlikni targ‘ib qilishdan iborat.
Bu galgi Bosh Assambleya ishtirokchilarga a’zo universitetlarning hamkorligi va birdamlikdagi rivojlanish istiqbollari bo‘yicha fikr almashish, ta’limda innovatsiyalarni keng joriy etish, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish kabi imkoniyatlarni taqdim etdi.
Bosh Assambleyaning rasmiy ochilish marosimidan so‘ng Samarqand davlat chet tillar instituti rektori I.To‘xtasinov oliygohdagi ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida taqdimot qildi. So‘ngra tarmoq universitetlari bilan umumiy memorandum, Qozog‘iston Respublikasi Al-Farobiy Qozoq milliy universiteti bilan anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, Dubay shahridagi Kanada universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishib, hamkorlik memorandumi imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, assambleyada Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev o‘tgan yil faoliyat boshlagan oliygoh haqida taqdimot qildi. Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘iga kiruvchi oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandumlar imzoladi.
Tadbir doirasida professor Yu.Abdullayev Global (umumjahon) tolerantlik va tinchlik kengashi prezidenti Ahmed Bin Mohamed Aljaruan bilan uchrashib, yoshlarni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, tinchlik va insoniyat taraqqiyoti, barqarorlik manfaatlari yo‘lida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildi. Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi esa Dubaydagi Shayx Hamdan bin Muhammad bin Rashid al-Maktum kutubxonasi hamda Kanada universiteti kutubxonasiga ingliz tiliga tarjima qilingan Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari va boshqa bir qator kitoblarni taqdim etdi.