Dunyo bo‘ylab yiliga 4,5 milliard sigareta qoldig‘i qolishini bilasizmi?

Atrofimizda bekorchilikdan, manmanlik va zamonni ro‘kach qilib qo‘liga sigareta tutib yurgan yoshlar juda ko‘p. Sayyoradagi eng keng tarqalgan axlat turi bu – chekilgan sigareta qoldiqlari ekan. Dunyo bo‘ylab har yili 4,5 milliarga yaqin sigaret qoldig‘i tashlanishini bilasizmi? Xo‘sh, bu ko‘rsatkichga sizning munosabatingiz qanday?! Ushbu raqamlarning o‘sib borishida sizning “ulishingiz” qanchani tashkil qiladi?

Ijtimoiy so‘rovlar natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, sigaretni ko‘pchilik o‘smirlik chog‘ida havas uchun chekib ko‘rarkan, keyinchalik uning zararini anglagach, tashlay olmay qiynalarkan. Chekishga ruju qo‘yish xorijda ayollar orasida ham ommalashgan. Ular ko‘cha-kuyda uyalmay chekib ketaveradi. Ayollarning chekishi bizning mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi. Oriyatli, g‘ururli erkaklar uyda ayolining sigaret chekishini hazm qila olmaydi. Aslida o‘zlari chekishni astoydil yoqtirsalar ham. Biroq, keyingi paytlarda yurtimizda xotin-qizlar o‘rtasida ham chekish ommalashmoqda.

Dunyo bo‘ylab chekishga qarshi kurashilayotgan bir paytda yoshlar o‘rtasida chekishning ommalashishi kishini xavotirga soladi. Malayziya davlatining Malakku shahrida 2011 yildan buyon chekish qat’iyan ta’qiqlangan. Bunga amal qilmaganlarga jarima solinadi. Singapurda esa ko‘chada harakatlangan holda chekish mumkin emas. Chekuvchilar bir joyda turgan holda, yurmasdan chekishlari kerak. Qoidaga amal qilmaganlarga 1000 singapur dollari miqdorida jarima solinadi. Yanayam hayratlanarlisi, Singapurga chetdan tamaki mahsulotlari olib kirilsa, har bir quti sigaret uchun 5 dollardan boj to‘laydi. Agar tamaki mahsulotlari deklaratsiyada ko‘rsatilmagan bo‘lsa, har bir quti sigaret uchun 500 dollar jarimaga tortiladi.    

Salomatligimiz – bu bizga berilgan eng katta boylik. Buni barcha birdek yaxshi biladi. Ammo hayotning oltin qoidasiga amal qilmay umrining mazmunli vaqtini sigareta qoldiqlariga almashayotgan yoshlar bir zum to‘xtang, o‘ylang. Keyingi pushaymon, o‘zingga dushman deyishadi. Sigaretga tobe bo‘lib qolishdan oldin, uning organizmga qarchalik zararini anglab yetsangiz, o‘zingizga foyda. Shunday emasmi?

Turg‘unboy Xidirov.