Dunyo mamlakatlari Yangi yilni qanday kutib oldi?

Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar 2021 yilni koronavirus pandemiyasi doirasidagi lokdaunlar, cheklovlar va komendantlik soatlari bilan kutib oldi. Chunki butun dunyodagi rasmiylar jamoatchilikni Yangi yilni uyda kutib olishga chaqirgandi.

Masalan, Turkiyadagi barcha shaharlarning markaziy ko‘cha va maydonlariga chiqish

31 dekabr soat 21:00 dan 1 yanvar soat 10:00 gacha taqiqlandi. tass.ru sayti xabariga ko‘ra, Turkiyada 4 yanvargacha komendantlik soati joriy etildi. Ushbu cheklov to‘g‘risida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 14 dekabrda ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, 31 dekabrdan 4 yanvargacha mehmonxonalarda har qanday ommaviy ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish mumkin emas.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson fuqarolarni qoidalarga rioya qilishga va Yangi yilni uyda "tinchlik" bilan kutib olishga chaqirdi. Koronavirus infeksiyasiga chalinganlar sonining ko‘payishi sababli Buyuk Britaniya hukumati eng yuqori darajadagi cheklovlarni joriy qildi. 

Fransiyada 31 dekabr kuni 100 mingga yaqin politsiya va jandarmalar bayram bazmlari va yig‘inlarini to‘xtatdi. Politsiya asosiy e’tiborni shahar markazlari va xavf kuchli bo‘lgan joylarga qaratdi.

Germaniya kansleri Angela Merkel 2020 yilni lavozimini egallagan 15 yildan buyon eng og‘ir yil deb atadi. Sog‘liqni saqlash vaziri Yens Shpan mamlakatda "eng sokin Yangi yil kechasi" bo‘lganini aytdi.

Italiyada 31 dekabr kuni ham soat 22:00 dan komendantlik soati boshlandi, bu izolyasiya rejimi 7 yanvarga qadar amal qiladi. Shu bois italiyaliklar ham Yangi yilni uyda kutib oldi va televizorda bayram dasturlarini tomosha qildi. 

Nyu-York hukumati an’anaviy ravishda tantanali Yangi yil tadbirlari o‘tkaziladigan Tayms-skver maydonini yopdi. Odamlar bu yilgi bayram tadbirlarini faqatgina translyasiya yordamida onlayn yoki televizorda ko‘rishga majbur bo‘ldi.

Pandemiyada izolyasiya rejimi uchinchi marotaba kuchga kirgan Isroilda ham politsiya bayram tadbirlarini ta’qiq qo‘ydi. Mamlakatda nazorat dronlar va vertolyotlar orqali olib borildi. 2 mingga yaqin politsiyachi vaziyatni nazorat qildi.

Biroq, Yangi yil kechasida odamlar ko‘chaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan shaharlar ham mavjud. Masalan, Dubayda minglab odamlar Burj-Xalifadagi mushakbozlik va lazer namoyishini tomosha qilishdi. Ularning barchasi QR-kodlari yordamida ro‘yxatdan o‘tkazildi, niqob taqish majburiy bo‘ldi. 

Bayrutda hukumat komendantlik soatini soat 3:00 ga ko‘chirdi. Livan poytaxtida Yangi yil kuni barlar, restoranlar va tungi klublar mehmonlar uchun qayta ochildi.

O‘zbekistonda esa koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatning biroz barqarorlashganligini inobatga olib, Yangi yil bayrami munosabati bilan 2020 yil 31 dekabr va 2021 yil 1 yanvar kunlari to‘yxona, mehmonxona, restoran hamda kafelarda 30 kishidan ko‘p bo‘lgan ko‘ngilochar tadbirlarni koronavirusga PZR test yoki ekspress-test tekshiruvi asosida tashkil etilishiga ruxsat berildi.

Yurtimizda Yangi yil xush kayfiyatda kutib olindi.