Dunyo polvonlari Termizda o‘zbekcha kurashadi

Prezidentimizning “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘zbek kurashi bo‘yicha an’anaviy xalqaro Al-Hakim at-Termiziy xotira turniri boshlandi.

Bugun 30 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan 100 nafar polvonlar, hakamlar, kurash fidoyilari hamda o‘zbek kurashini targ‘ib qiluvchi, xalqaro turnirni yorituvchi jahon ommaviy axborot vositalari vakillarini Surxon eli bayramona kutib oldi.

Surxondaryo viloyati Matbuot uyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu yilgi turnir sovrin jamg‘armasi 100 ming AQSh dollari ekani ma’lum qilindi. Mutloq vazn toifasida g‘olib bo‘lgan polvonga 10 ming dollar beriladi. Ikkinchi o‘rin sohibi 5 ming, uchinchi o‘rin sohibi 3,5 ming dollar mukofot oladi.

Asosiy musobaqalar ertaga, Termiziy bobomizning ziyoratlaridan keyin boshlanadi.

Karimberdi To‘ramurod,

Termizdan zarnews.uz uchun maxsus.