Dunyo xabarlari: Trampning odamlari Ukraina muxolifati bilan yashirin muzokaralar olib borgan. Inson miya hujayralari bilan biokompyuter yaratildi

🔹 Isroilning G‘azoga hujumi qurbonlari soni 48440 nafarga yetdi. Bu haqda Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi. HAMAS bilan erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish va asirlar almashish bo‘yicha kelishuvlarga qaramay, Isroil G‘azoda sulhni buzishda davom etmoqda, deyiladi hisobotda. Oq uy matbuot kotibi Kerolin Leavitt esa Vashington HAMAS bilan muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi.
🔹 Afina parlamenti yaqinida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Minglab odamlar ikki yil avval 57 kishining hayotiga zomin bo‘lgan poyezd halokati yuzasidan xolis tergov o‘tkazilishini talab qilmoqda. Olomonni tarqatish uchun huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va granatalardan foydalangan.
🔹 Donald Trampning yaqinidagi to‘rt kishi Ukraina muxolifati bilan yashirin uchrashuvlar o‘tkazgani haqida xabarlar tarqaldi. Muzokaralar “Batkivshchina” partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenko va Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenkoning “Yevropa birdamligi” partiyasining nufuzli a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan. Tomonlar keng qamrovli tinchlik muzokaralari boshlanishidan oldin saylovlarni o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilishgan.
🔹 Pentagon AQSh Xitoy bilan bojlar bo‘yicha mojaro sharoitida urushga tayyor ekani haqidagi bayonoti qarama-qarshilikni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lin Szyan ma’lum qildi. "AQSh rasmiylarining tegishli bayonotlari ataylab mafkuraviy qarama-qarshilik qo‘zg‘atmoqda va Xitoy tahdidi haqida shov-shuv ko‘tarmoqda. Xitoyning pozitsiyasi aniq va izchil: bu tarif yoki savdo urushi, sovuq urush yoki issiq urush bo‘ladimi, undan hech narsa chiqmaydi va g‘alaba qozonib bo‘lmaydi", deydi u.
🔹 Isroil mudofaa kuchlarining yangi boshlig‘i Yeyal Zamir 2025 yil - G‘azo sektori va Eronga qarshi urush yili bo‘lishini aytdi. Isroil qurolli kuchlari e’tiborini boshqa jabhalarga qaratishda davom etadi, biroq G‘azodagi HAMAS bilan va Eron bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshilik ustuvor bo‘lib qoladi, deydi u. Avvalroq Isroil 2025 yilda Eron yadroviy inshootlariga zarba berish imkoniyati haqida xabar bergan.
🔹 Tramp Vashington meriga shahardan uysizlar chodirlarini olib tashlashni buyurdi. Bundan tashqari, Tramp Meksika bilan chegaradagi devor qurilishini 2029 yilgacha yakunlamoqchi.
🔹 Yaponiyadagi Toyota zavodida portlash oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, ikki kishi yaralangan.
🔹 Qozog‘iston g‘arbi kuchli qor bo‘ronlarini ortda qoldirgan bo‘lsa-da, izg‘irin avjida. Favqulodda vaziyatlar xodimlari qorda tiqilib qolgan mashinalarni olib chiqmoqda. Aqto‘be viloyatida 30 dan ortiq odam qutqarilgan.
🔹 Parijda moda haftaligi o‘tmoqda. Mashhur moda uylari va rivojlanayotgan dizaynerlar 2025/26 yilgi kuz-qish kolleksiyalarini taqdim etib, mavsum tendensiyalarini belgilash harakatida.
🔹 Avstraliyalik olimlar inson miya hujayralari bilan biokompyuter yaratdi. Kompyuter poybzal qutisidek keladi va uning ichidagi asosiy joyni laboratoriyada yetishtirilgan yuz minglab neyronlarni o‘z ichiga olgan chip egallaydi. U kasalliklarni modellashtirish, dori vositalarini sinab ko‘rish va sun’iy intellektni yaratish uchun ishlatilishi mumkin.