Dunyodagi eng kichik mamlakatlar
Har bir kichik mamlakatning o‘ziga xos yutuqlari bor. Ushbu maqolada mitti bo‘lsa-da, davlat maqomiga ega, kengligi bilan maqtana olmaydigan dunyodagi eng kichik mamlakatlar haqida bilib olamiz.
Vatikan
Vatikan dunyodagi eng kichik davlatlar o‘ntaligi ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadi. Bu bor-yo‘g‘i 0,44 kvadrat kilometr maydonga ega va ularning hech biri Vatikan fuqaroligiga ega bo‘lmagan 840 nafar aholi istiqomat qiladigan mamlakatdir. Davlat chegarasining uzunligi atigi 3,2 kilometrni tashkil qiladi. Ushbu kichik mamlakat 852 metrlik temir yo‘l liniyasiga ega. Qizig‘i, Vatikan deyarli hech qanday nikoh va bola tug‘ilishi qayd etilmaydigan mamlakat.
Monako
Monako Vatikandan keyingi eng kichik mamlakatdir. Mamlakat dunyoda aholisi eng zich joylashgan davlatlardan biri hisoblanadi - u yerdagi 2,02 kvadrat kilometr maydonda 35 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Quruqlik va dengiz chegaralarining umumiy uzunligi 9 kilometrni tashkil etadi. Ushbu mamlakatning barcha ko‘chalarini aylanib chiqish uchun bir soatdan ziyodroq vaqt kerak. Yana bir qiziqarli ma’lumot: Monakoda dunyoda bir kishiga eng ko‘p politsiyachilar soni to‘g‘ri keladi, 35 ming aholiga 500 nafar qonun posboni xizmat qiladi. Shuningdek, bu davlatni boylar panohi deb atash mumkin: aholining 80 foizdan ortig‘i soliq to‘lamaydigan chet elliklardan iborat.
Nauru
Nauru dunyodagi eng mayda davlatlar orasida uchinchi o‘rinni egallaydi. Mamlakat uzunligi 5,5, kengligi esa 4 kilometr bo‘lgan orolda joylashgan bo‘lib, respublikaning umumiy maydoni 21,3 kvadrat kilometrni, aholisi esa 11 ming kishini tashkil qiladi. Nauru dunyodagi rasmiy kapitalga ega bo‘lmagan yagona davlatdir. Shuningdek, bu davlat dunyoda pivo tayyorlanmaydigan yigirmata davlat ro‘yxatiga kiritilgan.
Tuvalu
Tuvalu 26 kvadrat kilometr maydonda joylashgan. Tuvalu aholisi taxminan 12 ming kishini tashkil etadi, ularning yarmi davlat poytaxti Funafuti shahrida yashaydi. Tuvalu dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biridir. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu orolda joylashgan davlat atigi 30-50 yil ichida butunlay Tinch okeani suvlari ostida qolishi mumkin.
San-Marino
Eng qadimiy konstitutsiyaviy respublika hisoblangan San-Marino 61 kvadrat kilometrni egallaydi. Aholisi esa 32 ming kishi. Qiziq tomoni, mamlakatning San-Marino tashkil etilgan kundan boshlab tarixni hisoblaydigan o‘z taqvimi bor, shu sababli hozirda u yerda XVII asr. Darvoqe, San-Marino dunyodagi eng boy davlatlardan biri hisoblanadi.
Lixtenshteyn
Lixtenshteyn – 160 kvadrat kilometrda joylashgan davlat. Ushbu mamlakat aholisi soni 34 ming kishini tashkil etadi, ularning uchdan bir qismi chet elliklardir. Bu mamlakat dunyoda aholi jon boshiga daromadlari bo‘yicha dunyoda eng yuqori ko‘rsatkichga ega.
Marshall orollari
34 orolning joylashuvi taxminan 2000 yil oldin sodir bo‘lgan Marshall orollari – Tinch okeanining eng kichik davlati hisoblanadi. Mamlakat maydoni 181 kvadrat kilometr, aholisi esa 62 ming kishi. Mahalliy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 72 yosh.
Sent Kitts va Nevis
Mamlakat ikki orolda joylashgan va 261,1 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Aholisi 90 foiz afrikaliklardan iborat ushbu Karib dengizi mamlakatining fuqarolari taxminan 50 ming kishini tashkil etadi.
Seyshel orollari
Seyshel orollari 455 kvadrat kilometrni egallaydi va u yerda 81 ming kishi istiqomat qiladi. Mamlakat poytaxti Viktoriya dunyodagi eng kichik poytaxt-shahar hisoblanadi.
Maldiv orollari
Maydoni 298 kvadrat kilometr, aholisi 396 ming kishi bo‘lgan Maldiv orollari Osiyodagi eng kichik mamlakatdir. Aholining uchdan ikki qismi poytaxt Male shahrida istiqomat qiladi. Respublika dunyodagi eng yassi mamlakat hisoblangani bois “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan. Bundan tashqari, orollar eng barqaror iqlimga ega.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.