Dunyodagi eng ko‘p suratga olinadigan kitob sotuvchisi
Suratda 72 yoshli Muhammad Aziz. U Marokashning Rabot shahrida kitob sotib kun ko‘radi.
Aholining 26 foizi hali ham o‘qiy olmaydigan mamlakatda kitob sotish bu o‘z xalqi va adabiyotga bo‘lgan muhabbat izhoridir. 6 yoshida yetim qolgan Azizning hayoti og‘ir kechdi, u hatto o‘rta maktabni ham tamomlay olmadi, chunki darsliklar juda qimmat edi. 1963 yilda 15 yoshli Muhammad daraxt tagiga 9 ta kitobdan iborat gilamni yoyib, kitob savdosi bilan shug‘ullana boshladi.
Endi uning kitob do‘konida minglab kitoblar sotiladi, u esa kitoblar tuzog‘ida, ulardagi hikoyalarni “yutib” kun o‘tkazadi. Aziz kuniga 8 soatgacha kitob o‘qiydi va faqat ovqatlanish, ibodat qilish, tamaki chekish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun to‘xtaydi. Bo‘sh vaqtlarida u kitob izlab tumanlarni kezadi, o‘qib bo‘lgach, ularni o‘z do‘konida sotuvga qo‘yadi.
Uning aytishicha, bu ishlari bilan u o‘z bolaligi va qashshoqligidan qasos oladi: “Men arab, fransuz, ingliz yoki ispan tillarida 4000 dan ortiq kitob o‘qidim, demak, men 4000 dan ortiq hayot kechirdim. Har bir inson bunday imkoniyatdan foydalansa dunyo o‘zgarardi! Bugungi kunimdan rozi bo‘lishim uchun menga faqatgina ikkita yostiq va bitta kitob kerak".
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.