Dunyodagi eng ulkan dirijabl endi to‘liq elektr tokida ishlaydi

Hybrid Air Vehicles kompaniyasi jahonda eng katta dirijabl - Airlander 10 ni yaratganligi bilan olamga mashhur. To‘g‘ri, u joriy yil boshida seriyali ishlab chiqarishdan to‘xtatilgan edi. Unga sabab, narxi juda qimmat bo‘lib, undan faqat harbiylar foydalanishgan. Endi esa ulkan dirijabldan fuqarolik maqsadlarida foydalanishga qaror qilindi. Mazkur kompaniya 1,4 million AQSh dollari miqdorida grantni qo‘lga kiritgach, ulkan dirijablning yangi varianti atrof-muhitga zararsiz bo‘lgan elektr toki bilan harakatga kelishini ma’lum qilishdi.

Collins Aerospace kompaniyasi va Nottingem universiteti tomonidan ajratilgan ushbu mablag‘lar 500 kilovatt elektr toki ishlab chiqaruvchi uskunalar uchun sarflanadi. Elektrga o‘tish orqali butun dunyoda dirijabllarning dizel yoqilg‘isidan voz kechishi uchun tashlangan ilk qadam bo‘ldi. Aerodinamik xususiyatlari va ko‘p miqdordagi geliy moddasiga ega yangi mashina o‘zidek kuchga ega bo‘lgan o‘tmishdoshlariga qaraganda kamroq elektr sarflaydi.

Hybrid Air Vechies bosh direktori Stivena MakGlennanning so‘zlariga qaraganda, yangi loyiha insoniyatni o‘z orzular tomon yaqinlashtirar ekan. U osmonda sekin xohlagan tezlikda harakat qilgan holda ko‘p vazifalarni amalga oshrishga imkoniyat yaratadi. Masalan, yer yuzining ma’lum bir mintaqasida kuzatuvlar olib borish, yuk tashish hamda sayohat qilishga juda qulay bo‘ladi.

Ammo, Airlander 10 ning eski varianti 6 marta sinov maqsadlarida uchirilgan bo‘lib, ikki marta halokatga uchragan.

Dil MUROD tayyorladi.