Dunyodagi g‘ayrioddiy kasblar

Ko‘pchiligimiz hayotda o‘z o‘rnimizni topish va albatta yaxshi daromad olish uchun kasb tanlaymiz. Bugungi kunda dunyoda 70 mingga yaqin kasblar mavjud bo‘lib, ularning 3 foiziga yaqini kishiga kulgi va g‘azabdan tortib, hayrat va hasadga qadar his-tuyg‘ularni keltiradi. Masalan bolalar orzulari savdosi yoki orqasiga yiqilgan pingvinlarni ag‘darib qo‘yish orqali pul topa olish orqali kun ko‘radigan odamlar ham bor ekan. Bugun hatto xayolimizga kelmagan bu kabi noodatiy kasblar borligi haqida bilib olamiz.

Navbat olib qo‘yuvchi

Agar sizdan supermarket kassasida «qoziq qoqib» qo‘yishni so‘rashsa, ajablanmang: bu ba’zi Yevropa mamlakatlarida yaxshi maosh oladigan sharafli ish ekanligini bilishingiz kerak. Bu «kasb mutaxassislari» juda tig‘iz jadval asosida ishlashadi va ish vaqtlari oldindan belgilab qo‘yiladi.

Gap shundaki, Buyuk Britaniyada har bir yevropalik umrining bir yilini turli navbatlarda o‘tkazishi to‘g‘risidagi tadqiqot nashr etildi.  Vaqtini behuda sarflashdan o‘zini xalos etishni istaganlar ko‘p bo‘ldi. Talab esa taklifni yaratadi. Natijada bugungi kunda britaniyalik navbat olib qo‘yuvchilar soatiga kamida 40 funt (46,5 $) ishlab topishadi.

Zaytun moyi himoyachisi

Italiya Gretsiya kabi zaytun moyining eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Zaytun moyi haqiqiy davlat brendidir, shu sababli mamlakatda uni qalbakilashtirish deyarli davlatga xiyonat qilish bilan teng.

Mahsulot sifati politsiyaning maxsus bo‘linmasi xodimlari tomonidan nazorat qilinadi. Ularning vazifasi sotuvga qo‘yilgan mahsulotni tatib ko‘rishga kiradi. Agar u tabiiy italyan mahsulot standartlariga javob bermasa tergov o‘tkazilib, aybdorlar jazolanadi.

Zaytun moyi himoyachisining maoshi oddiy politsiyachidan chorak baravar yuqori. Bunday mutaxassis muntazam ravishda o‘quvlarga qatnab, imtihon topshirib turadi.

Sud rassomi

Bu kasb uzoq tarixga ega. Axir, bir necha asrlar oldin kameralar bo‘lmagan-da, barcha muhim voqealar chizilib, keyin gazetalarga chop etilgan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sud majlislarni suratga olish taqiqlangani sabab bu kasbni eslashga to‘g‘ri keldi. Shunday bo‘lsa-da, sudyalar va ayblanuvchilarning portretlarini chizish taqiqlanmaydi.

Professional rassomlarning mehnati yuqori darajada baholanadi va  ko‘pincha ularni yirik nashrlar ishga yollaydi. Ba’zilari gazeta va jurnallar bilan doimiy ravishda hamkorlik qilib, yiliga 200 ming AQSh dollarigacha daromad oladi. Qalam haqi 500 dollardan boshlanadi va sud jarayonidagi bir necha chizilgan eskizlar orqali rassom 10 000 dollargacha ishlab olishi mumkin.

Uyin avtomatlari bastakori

Qimor o‘yinlari avtomatlaridagi har qanday harakatlar o‘ziga xos musiqiy jo‘rlikka ega. Bu tasodif emas, avtomatlarda bir necha marta o‘ynashgina kifoya, xiraxandon musiqa miyaga o‘rnashib qoladi. O‘yin mashinalari musiqalari oldindan bastakorlar tomonidan ong ostiga ta’sir qilishi va qimor o‘yinlariga qaramlikni shakllantirishga yordam berishi maqsadida ixtiro qilingan. Boshqacha qilib aytganda, o‘yinchilar mashina qarshisiga qayta va qayta kelishadi.

Bunday mutaxassislar juda kam va o‘yin sanoatida ular oltinday qadrli. Bastakor jozibali musiqani o‘ylab topish bilan birga odamlarning miyasiga qanday ta’sir qilish hisob-kitobini qo‘llab, nafaqat musiqachi, balki neyrolingvistik dasturlash texnikasini yaxshi biladigan ruhshunos ham bo‘lishi lozim.

Virtual tovarlar sotuvchisi

Bu kasb kompyuter o‘yinlari toifasiga kiradi va qahramonlar uchun kiyim va jihozlar, jangovar qurollar sotib olish kerakligiga asoslandi. O‘yinning dastlabki bochqichida bularning barchasi virtual pulga sotib olinadi. Ehtiyojlar ortib boravergach, jihozlar o‘yinchiga haqiqiy pullar evaziga taklif qilinadi.

Ana shunday paytda tovarlarning barcha afzalliklarini biladigan va ishontirish qobiliyatiga ega sotuvchilar paydo bo‘ladi. Ko‘pincha ular o‘yinchilar orasida virtual savdoni targ‘ib qilish orqali o‘z «foiz»larini ishlab oladigan o‘yin ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning shtatdagi xodimlari bo‘lib chiqishadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.