Dunyoga tikilgan ko‘zlar...

Tong payti... Hali ko‘cha qatnovi odamlar hukmronligiga to‘la o‘tmasdan burun katta ona it yo‘lakning o‘rtasida kun kechirish manbai - ko‘p qavatli binolarning yaqinida joylashgan chiqindi qutisi tomon borardi.

Har kuni sahar payti ona it chiqindi qutisiga bemalol kelib, hech qanday xavf-xatarsiz bolalariga yegulik olib ketsa ham negadir bugun har tomonga alanglar, qandaydir xatarni sezgandek quti tomon yelib borardi.

Ona itning sezgilari aldamagandi. Chiqindi qutisi tomondan qandaydir g‘alati ovoz eshitilardi. U birpas to‘xtadi-da, ovozga quloq soldi. Ovoz qanchalik g‘alati tuyulmasin, unga judayam tanishdek edi. It qutiga asta-sekin yaqinlashdi. Chiqindi to‘kiladigan joyning chekkasida oppoq matoga o‘ralgan narsa g‘imirlar, kimlarnidir yordamga chaqirayotgandek bor ovozi bilan chinqirardi.

It unga yaqinlashdi-da, uning yig‘idan qizargan yuzlarini onalik mehri bilan yaladi. Dunyoga sig‘magan jajjigina bu xilqatning ovozi biroz pasaygan bo‘lsa ham, lekin tinmadi. Ona it avaylab uni tishladi-da, ko‘tarib, yo‘lakning o‘rtasiga olib borib qo‘ydi.

Chiqindi to‘kkani kelayotgan yosh ayol itni ko‘rib orqasiga burilib ketdi. Yo‘lak bo‘ylab uzoqdan ko‘zoynak taqqan kishi kelardi. U ham itga ko‘zi tushgach, ariqni hatlab o‘tdi-da, matoga o‘ralgan narsaga qaray-qaray bu yerdan uzoqlashdi.

Ona it yana kimdir kelishini kutardi. Nihoyat, haligi yosh ayol kirib ketgan eshikdan bir qo‘lida hassa, bir qo‘lida chelakni ko‘targan kampir chiqib shu tomonga qarab kela boshladi. U ham itni ko‘rdi, ammo uning yonida turgan narsaga ko‘zi tushgach, chelakni qo‘lidan qo‘yib, qadamini tezlatdi. Ona it kampirdan hayiqqanidanmi yoki uning ham ketib qolishidan qo‘rqdimi, bu yerdan uzoqlashdi.

Kampir haligi narsani ko‘tarib kimlarnidir qarg‘aganicha uy tomon ketdi. Ona it uning orqasidan eshikdan kirib ketgunicha qarab turdi. Keyin nimadir esiga tushganidek shitob bilan orqasiga burildi-da, chopib ketdi. U jonholatda, qanchalik tez yugurmasin – qadami unmayotgandek, manzili tobora olislab ketayotgandek edi.

Nihoyat, u yetib keldi. Bostirma tagida bir-biri bilan o‘ynayotgan kuchukchalar onasining bunchalik tez qaytib kelganiga bir zum hayron bo‘lib qarab turdilar-da, birdaniga unga tashlanishdi. Biri siynasiga, biri bo‘yniga osilib o‘ynayotgan bolalariga mehr bilan boqarkan, ona it ayni paytda ana shu jajji kuchukchalarini kimlardir chiqindi qutisiga tashlab yuborishdan qo‘rqardi...

U och bo‘lishiga qaramasdan shu kuni hech qayoqqa chiqmadi. Bolalarini har kungidan ko‘proq, juda uzoq, qayta-qayta mehr bilan yaladi.