Dunyoning 100 ga yaqin oliy o‘quv yurti bilan hamkorlik o‘rnatgan oliygoh yoshlarining maqsadlari qanday?

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektorining talabalar bilan uchrashuvi samimiy muloqot tarzida o‘tdi.

– Aslida, sizlar bilan har kuni ko‘rishamiz, suhbatlashamiz – bizning ish faoliyatimiz shunday, – dedi universitet rektori, professor Xudoynazar Yunusov. – Men rektorligimning ilk kunlaridan shu tarzda ishlashga o‘rganganman – ko‘proq talabalarni eshitaman, ularning fikrlari, taklif va tashabbuslari men uchun muhim. Chunki, bizning faoliyatimiz, maqsadimiz yoshlarimizga sifatli ta’lim berish, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlariga imkoniyat yaratish va shu orqali mamlakatimizda mazkur soha rivojiga xizmat qilishdan iborat. Bugungi kabi uchrashuvlar esa yilni sarhisob qilish, bir-birimiz bilan ochiq muloqotga kirishish uchun yana bir qulay fursat.

Uchrashuvda talabalar o‘quv jarayonlari, universitetda yaratilgan sharoit, qo‘shma ta’lim dasturlari va xorijiy davlatlardagi hamkor oliy o‘quv yurtlarida o‘qish, malaka oshirish yuzasidan rektorga murojaat qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Mazkur oliy o‘quv yurtida bugungi kunda 6 ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Qisqa vaqt ichida universitet dunyoning turli mamlakatlaridagi 100 ga yaqin oliy o‘quv yurti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan, o‘qituvchilar va talabalar xorijiy grant loyihalarida ishtirok etmoqda. Yaqinda universitetning besh nafar talabasi nufuzli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi.

Uchrashuvda bir guruh faol talabalar universitet rahbariyati tomonidan rag‘batlantirildi.