Dunyoning birinchi mukammal globusini Martin Bixaym yaratganmi yoki Mirzo Ulug‘bek?
Yurtimizdan yetishib chiqqan olimlar geografiya sohasida ham o‘z davrida dunyoda yetakchi bo‘lishgan. Al-Farg‘oniy Nil daryosi suv sarfini birinchi bo‘lib aniqlagan bo‘lsa, Abu Rayhon Beruniy mukammal geografik globusni yasagan.
Odatda darsliklarda, ilmiy adabiyotlarda birinchi mukammal globusni Martin Bixaym nomiga bog‘laydi. Vaholanki, bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan globus M.Bixaymdan avval Samarqandda Mirzo Ulug‘bek tomonidan yaratilgan.
XV asrda Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek qurdirgan rasadxonada katta o‘lchamdagi globus bo‘lgan. Unda davlat chegaralari, tog‘lar, ko‘llar, dengizlar va daryolar ko‘rsatilgan. Afsuski, Ulug‘bekning o‘limidan keyin u yo‘q qilingan.
Samarqanddagi O‘zbekiston xalqlari tarixi va madaniyati muzeyida katta noyob globus saqlanadi. Mukammal ishlangan bu globusni 1895 yilda Hoji Yusuf Mirfayoz o‘g‘li musavvir va olimlar bilan hamjihatlikda yasagan. Globusning balandligi tagligi bilan birga 117 sm, shar aylanasi 160 sm, masshtabi 1:2 500 000. Globus gradus to‘rlariga bo‘lingan. Meridian va parallellar qora rang, tropik chiziqlari va qutb doiralari qizil rang bilan chizilgan. Nolinchi meridian Grinvichdan emas, Afrikaning g‘arbidagi Yashil burun orollaridan o‘tkazilgan. Bu Abu Rayhon Beruniy globusidagi boshlang‘ich meridianga to‘g‘ri keladi. Globusga qariyb mingta nom yozilgan. Belbog‘ tarzida 12 burj doirasi o‘rnatilgan. Har bir burj doirasi ichida burjni anglatuvchi rasmlar – sher, qo‘y, qisqichbaqa, chayon, baliq, qo‘chqor, ho‘kiz va boshqalar tasvirlangan. Bu Turkiston o‘lkasi mahalliy olimlari yaratgan va ilmiy jihatdan o‘z davri uchun eng mukammal globusdir.
2013 yilda belgiyalik kolleksioner Shtefan Missine tomonidan tuyaqush tuxumiga tushirilgan globus tadqiqoti chop etildi. Bu tuxumda tasvirlangan globus Shimoliy Amerikani aks ettiradi. Globus 1504 yilda yasalgan deb hisoblanadi. Bu Amerika tasvirlangan eng qadimgi globusdir. Zamonaviy globuslar turli shakl va hajmlarda bo‘ladi. Masalan, AQShda raqamli globus, Germaniyada birinchi interaktiv globus yaratildi. Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti geografiya fakultetida innovatsion globus yaratish ustida olimlar tomonidan izlanish olib borilayotgani ilmiy izlanishlarimizning davomidir.
Ulug‘bek madrasasida geografik bilimlar mukammal o‘rgatilganligi, tolibi ilmlar tomonidan dunyo shaharlari kordinatalarini va adashmasdan osmon globusi asosida manzilga borishning xaritasini bilishganligi shundan dalolat beradi. Barcha savdogarlar va yo‘lboshlovchilar geografik bilimlarga tayanib savdo-sotiq ishlarini amalga oshirgan. Bunda ularga geografik bilimlar asqotgan. Hudud va mamlakatlar tabiati, tabiiy sharoiti, aholisi, dini va boshqa geografik bilimlar aynan madrasalarda tahsil olgan tolibi ilmlarning geografik bilimlariga tayanganligi va chuqur bilganligidan darak beradi.
Demak, bugungi kunda Samarqand davlat universitetida faoliyat olib borayotgan geografiya fakultetining shakllanish tarixi ham Mirzo Ulug‘bek madrasasiga borib taqaladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ma’ruf Usmonov,
SamDU Ijtimoiy-iqtisodiy geografiya kafedrasi mudiri, dotsent.