Dunyoning eng nomdor shaxmatchilari Samarqandda jam bo‘ldi

“Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetida Samarqandda ilk marotaba o‘tkaziladigan shaxmat bo‘yicha “Sohibqiron kubogi” xalqaro turniri oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi vitse-prezidenti Husan Turdaliyev, livanlik bosh hakam, xalqaro arbitr Ellas Xayrillah, xalqaro grossmeyster Jahongir Vohidov ishtirok etib, mazkur nufuzli turnir va uning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Ta’kidlanishicha, “Sohibqiron kubogi” xalqaro turnirida o‘nga yaqin mamlakatdan, xususan, Armaniston, Ozarbayjon, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Ukraina, Tojikiston, AQSh, O‘zbekistondan 18 nafarga yaqin xalqaro grossmeyster, 10 nafar xalqaro hamda 10 nafar FIDE sport ustalari ishtirok etadi.

Turnir rapid hamda bliss yo‘nalishida bo‘lib o‘tadi. Mukofot jamg‘armasi 50 ming dollarni tashkil etadi. Shundan 40 ming dollari rapid yo‘nalishidagi g‘oliblarga beriladi.

Xalqaro shaxmat turniri o‘tkaziladigan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetida ishtirokchilar uchun joy hozirlab qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz: “Sohibqiron kubogi” xalqaro turniri 2021 yilning 24-29 avgust kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Yana bir qiziq ma’lumot: 2016 yilda Amir Temur tavalludining 680 yilligi munosabati bilan uchta jahon shaxmat yulduzlari, ya’ni ukrainalik xalqaro grossmeysterlar Ruslan Ponamaryov, ozarbayjonlik Shaxriyor Mamedyarov va Isroildan kelgan Boris Gelfand ishtirokida Samarqand shahrida shaxmatchilar uchun master-klass tashkil etilgan edi.

Husan Eltoyev.