Dunyoning turli burchaklarida maktabga eltuvchi eng xavfli yo‘llar

Odatda ota-onalar farzandlarining ta’lim olishi uchun boradigan maktab va uylari o‘rtasidagi masofa yaqinroq bo‘lishini istaydi. Biroq dunyoda shunday mamlakatlar borki, u yerlarda bilim olish haqiqiy jasoratni talab etadi.

Bunga ishonish qiyin. Biroq bolalarning maktabga yetib olishlari uchun soatlab yo‘l yurishlari va yo‘ldagi xavfli darajadagi qiyinchiliklarni har kuni yengib o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.  

Kolumbiyadagi po‘lat arqonli “yo‘l”

Maktabga eltuvchi yo‘llarning eng xavflilaridan biri Kolumbiyada joylashgan. Maktab o‘quvchilari shunchaki, po‘lat arqonga o‘rnatilgan g‘ildirakchalarga o‘zlarini bog‘lab, Rio-Negro daryosi ustidan, o‘quv qurollarini quchoqlagancha uchib o‘tadilar. Balandlik 800 metrni tashkil etadi.

Xitoydagi tog‘li yo‘l

Xitoy o‘zining maktabga borish uchun og‘ir sharoitli yo‘llari bilan mashhur. Xitoyning Gulu viloyatida maktab o‘quvchilari o‘lkan balandlikdagi ingichka yo‘lakcha bo‘ylab, 5 soat yo‘l yuradi. Chjanszyavan ma’muriyati qishloqlarining birida maktab o‘quvchilari, toshli qoyalarga o‘rnatilgan zinalardan katta balandlikka ko‘tariladi. 

Indoneziya suv havzalari

Indoneziyada timsohlar suzib yuradigan suv havzalari mavjud. Ularning ustidan ko‘plab ko‘priklar qurilgan. Umuman aytganda, ularni ko‘prik, deb ham atab bo‘lmaydi. Qurilma (ko‘prik) bor-yo‘g‘i vertikal yotqizilgan ikkita yog‘ichdan iborat. Aynan shu yog‘ochlar aholi uchun ko‘prik vazifasini o‘taydi. Maktab o‘quvchilari ham shunday ko‘priklardan o‘tib maktabga qatnaydi. 

Shri-Lankadagi jarlik

Shri-Lankaning Fort Galle qishlog‘ida o‘quvchilar maktabga qatnashlari uchun birinchi navbatda dorbozlik san’atini o‘zlashtirishlari zarur. Ular tog‘ning ikkinchi qismiga o‘tish uchun jarlik ustida yotqizilgan bir dona taxta ustidan yurib o‘tishlari talab etiladi. Masofa olis bo‘lmasa-da, taxta jarlik ustida joylashgan. 

O‘quvchilar uchun vertolyot

Rossiya Federatsiyasida maktab o‘quvchilarining xavfsizligi ta’minlangan. Biroq Rossiyaning Uzoq Shimol hududida ham maktabga qatnash masalasida ayrim qiyinchiliklar mavjud. U yerda o‘quvchilar maktabga vertoletda olib ketiladi. Maktablarda internat tizimi joriy etilgan. O‘quvchilar kuz oyida maktabga keladi va yozgi ta’tilgacha uylariga qaytmaydi. Yozgi ta’til boshlanishi bilan, vertolyotlar ularni yana uylariga qaytarib olib ketadi.  

Himoloy tog‘lari orqali maktabga

Nepalning Zanskar viloyatida maktab-internatlari joylashgan. Ammo mahalliy o‘quvchilarning maktabga yetib olishlari juda og‘ir sharoitda o‘tadi. O‘quvchilar maktabga yetib olish uchun Himoloy tog‘larining muzliklari va toshli qoyalarini piyoda bosib o‘tadi.

Bekzod MUSURMONOV tarjimasi.