Dushan FAYZIY: "Kimnidir kutadi bezovta ko‘ngil"

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bugun samarqandlik ijodkor, jurnalist va shoir Dushan Fayziyni eslaymiz.

Dushan Fayziy 1927 yil 5 fevralda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tug‘ilgan.
Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi kotibi, viloyat televideniye va radioeshittirish qo‘mitasi raisi, SamDU prorektori, «Imom Buxoriy» xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
«Tug‘ilgan kunim», «Qalbim seniki», «Navo», «Yor xayoli», «Onaizor», «Buyuklik», «Samarqandnoma», «Sevgilim» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Dramaturg sifatida «Zarafshon qizi», «Birinchi uchrashuv», «Kelin keldi», «Qorasoch», «G‘azal va muhabbat», «O‘n yetti yoshlilar» va boshqa sahna asarlari yaratgan.

Yozuvchi va shoirning «Do‘stlik qo‘shig‘i», «Asrim monologi», «Urgut qasidasi», «Temurnoma» dostonlari va «Imom al-Buxoriy» she’riy romani bor.

Dushan Fayziy 2009 yilda vafot etgan.

***

QUYoSh PARChASI
Kaftim uzra tutib quyosh parchasin,
Sening qo‘llaringga uzatdim, erkam.
Neki ezgulik bor dilda, barchasin
Senga bag‘ishladim, senga farishtam!

Yaxshi niyat ila qabul et uni,
Butun borlig‘ingni aylagay ravshan.
Hasadli ko‘zlardan asragay seni,
Poyingda gullagay bir ajib gulshan.

Quyosh parchasi deb senga tutganim,
Saxovatga to‘la munis yurakdir.
Istiqbolingga havola etganim,
Qarashlarga zor, o‘sha tilakdir.

Neki ezgulik bor dilda, barchasin
Senga bag‘ishladim, senga farishtam!

SINIQ BIR ARMON
Peshonaga yozug‘lik ekandir hijron,
Avj pardada uzildi rubobning tori.
Muallaq turibdi siniq bir armon,
O‘ksingan ko‘ngilning nolayu zori.

Men u choq sevgining og‘ushida g‘arq
Zarrin ufqlarda kezardim go‘yo.
Visol ne, hijron ne, qilmas edim farq,
Go‘yo sadoqatga to‘liqdir dunyo.

Sen yaxshi ko‘rarding, yaxshi ko‘rarding,
Yeru ko‘kka ham ishonmasding, axir.
Yaxshi ko‘rmoq nadir, jondan suyarding,
Faqat ikkimizga ayondir bu sir.

O‘zimning qismatim qo‘yib bir yoqqa
Sening taqdiringni o‘ylayman bu dam.
Biz kezgan yo‘laklar qoldi yiroqda,
Shukrona qilaylik shunisiga ham.

Ufqda so‘qmoqlar, yo‘llaring uzoq,
Taqdir vafo qasri tomon yo‘llasin.
Seni deb ibodat qilurman bu choq,
Bu yog‘iga endi O‘zi qo‘llasin!

NEChA KUNKIM
Necha kunkim, parishondir xayolim,
Necha kunkim, dilim erur g‘ash.
Nahot, bir so‘ramading, nigoro, holim,
Vujudim yondirar pinhoniy otash.

Kimnidir kutadi bezovta ko‘ngil,
Kimnidir izlayman bo‘m-bo‘sh xonada.
Iztirob chekadi xonamdagi gul,
To‘kilgan barglarin ko‘rib yonida.

Eshikka javdirab qarar ko‘zlarim,
Tiq etsa sevinchdan entikar yurak.
Ba’zida adashib ketar so‘zlarim,
Nachora, bugun ham bo‘lmadi darak?!

Ko‘zimga tor etib so‘ngsiz dunyoni,
Javonda kitoblar turishar qator.
Toshoyna izlaydi tanish siymoni,
Sukutda turmishdir chang bosgan dutor.

Tong otar, kun botar – o‘tar bugun ham,
Har daqiqa menga tuyular bir yil.
Oromimni olmish hasratu alam,
Kimnidir kutadi bezovta ko‘ngil.