"Dushmaning do‘st bo‘lib, do‘stlaring sotsa, sekin yig‘ishtirgin jomadoningni"
Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ismatulla Yo‘ldoshev tavallud topgan kun.
U 1953 yil 10 mayda Urgut tumanida tug‘ilgan edi.
Ismatulla Yo‘ldoshev jamiyatda o‘ziga xos iz qoldirib ketdi. Urgutning chekka Qo‘rg‘oncha qishlog‘ida tabiat go‘zalligidan zavq olgan, Xudo bergan iqtidori bilan uning tasvirini chizishga intilgan o‘spirin Toshkentda ToshDUning huquqshunoslik fakultetida o‘qigan bo‘lsa-da, poytaxtdagi adabiy muhitni afzal bildi.
O‘z sohasida tergovchilik, prokurorlikni binoyidek uddalab, hamkasblari o‘rtasida yaxshigina martabaga erishdi. Ammo qalamni qo‘ldan qo‘ymadi: tinmasdan ijod qildi. She’rlar, she’riy drama, povest, kinossenariylar yozdi, Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘ldi.
Hayot bo‘lganida I.Yo‘ldoshev bugun 70 yoshga to‘lardi. Uning dilbar she’rlari, barcha asarlari hamon o‘qilmoqda. Demak, u oramizda yashayapti.
***
Bugun sen hukamo, ertaga o‘zga,
Zo‘r bo‘lsang, gunohing ko‘rinmas ko‘zga.
Maymunlar yig‘lasa bir kun holingga,
Shunda tushunasan, men aytgan so‘zga.
* * *
Savobim yonma-yon gunohim bilan,
Azobim yonma-yon shu ohim bilan.
Insonni tergamoq eng og‘ir savdo,
Chaqirsang borurman guvohim bilan.
* * *
Qismatida ne bo‘lsa, bandang shungadir soyim,
Amringsiz bo‘lmagaydir, yerda qiyomat qoyim.
O‘n sakkiz ming olamning Sarvari yagonasan,
O‘zbekiston – bolangni o‘zing asra, Xudoyim.
* * *
Vatansizlik dilni etadi vayron,
Xohi musulmonsan, xoh kofir bo‘lsang.
Eng og‘ir kulfat shu: bo‘lmagil hayron,
O‘zing o‘z uyingda musofir bo‘lsang.
* * *
Seni tushunganga bergil joningni,
Qizg‘anma mol-dunyo, burda noningni.
Dushmaning do‘st bo‘lib, do‘stlaring sotsa,
Sekin yig‘ishtirgin jomadoningni...
* * *
Amalga erishsang, o‘zni unutma,
Xush kalom, halol rizq, so‘zni unutma.
Egningda shohona libos bo‘lsa-da,
Jandai julingni, bo‘zni unutma.
* * *
Dunyoning aldovi molu mulk, amal,
Nafsing yuragingni qilmasin qamal.
Sengacha bu jahon ko‘plarni ko‘rdi,
Vafosi bo‘lmadi hech vaqt, hech mahal.
* * *
Nodonga erk bersang, ko‘pirib jo‘shar,
Bir so‘zga qirq yolg‘on o‘pirib qo‘shar,
Tuyaga minginu uzoqni ko‘zla,
Osmonga tupursang – boshingga tushar.
* * *
Vaqt o‘tib, umringga to‘lsa paymona,
Sig‘massan tiriklik nomli ayvona.
Qanoti bo‘lsa ham olis ketolmas,
O‘t bilan o‘ynashib o‘lar parvona.
* * *
Zamindan qudratni olmasa chinor,
Bunchalik bo‘lmasdi adl, purviqor.
Chinordek osmonga bo‘ylab tursang ham,
Zamindan oyog‘ing uzmagil zinhor.
* * *
Yigitlik faslida omad bo‘lsa yor,
Nishonni to‘g‘ri ol, ketmasdan mador.
Keksalik domiga tutqun bo‘lganda,
Behuda zo‘riqib, etma jonni xor.
* * *
Yot elda somoning bug‘doy bo‘lmagay,
O‘z yurting ko‘rkidek chiroy bo‘lmagay.
Vatanni qadrla, mukarram tutgil,
O‘zganing qarg‘asi humoy bo‘lmagay.
* * *
Cho‘pon ziyrak bo‘lsa, podasi omon,
Nafsini o‘ylagan kimsa eng yomon.
Avom bir-biriga qilmasa shafqat,
O‘shanda teskari aylanar zamon.
Ismatulla Yo‘ldoshev.