DXA ogohlantiradi: qo‘shimcha hujjatlar talab etgan davlat idoralari javobgarlikka tortiladi

Joriy yilning 1 avgustidan boshlab davlat idoralari tomonidan bir qator ma’lumotnomalar so‘ralishi bekor qilinadi.

Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilgan dastlabki kunlaridanoq o‘z oldiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechish, fuqarolarning tegishli hujjatlarni olishda sansalorlikni oldini olishni maqsad qilgan.

Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda bir qator ishlar amalga oshirilgan. Masalan, aynan Agentlik tashabbusi bilan, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan beriladigan ma’lumotnomalar so‘ralishi bekor qilindi. Ushbu turdagi ma’lumotlar idoralararo aloqa orqali so‘rab olinish tartibi joriy qilindi.

Bu turdagi qulayliklarni davom ettirish maqsadida navbatdagi hujjatlar bekor qilinmoqda. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi PQ–4193-son “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi qarori bilan asos solingan.

Unga ko‘ra, 2019 yil 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan

  • jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari;
  • soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar;
  • soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar;
  • to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlangan.

Mazkur qaror bilan fuqarolarga ularning ijtimoiy hayotida katta qulayliklar yaratildi. Misol uchun, joriy yilning 6 oyi davomida Davlat xizmatlari markazlariga fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bo‘yicha 312 555 nafar fuqaro murojaat qilgan. Ushbu xizmatdan foydalanish uchun fuqaroga kamida ikki marotaba murojaat etishi lozim edi (ariza berish va tayyor hujjatni olib ketish uchun). Bu esa, o‘z navbatida, ortiqcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qilar edi.

Endilikda ushbu hujjatlar vakolatli organlardan faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etilishi nazarda tutilmoqda. Ya’ni idoralar o‘zaro aloqa vositalari orqali ushbu ma’lumotnomalarni talab qilib oladi, fuqarolarni bu bo‘yicha ovora qilishga chek qo‘yiladi!

Ushbu hujjatlarni talab qilish, bir qarashda arzimas holat bo‘lib ko‘rinsa-da, ammo fuqarolar uchun ovoragarchiliklarni keltirib chiqarardi. Umuman olganda, endi 6 oyda bir millionga yaqin fuqarolarimiz vaqtlarini ortiqcha qog‘ozlar ortidan yurishgamas, balki o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ishlarga bag‘ishlashi mumkin.

Yuqoridagilarga asosan 2019 yil 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan ushbu ma’lumotlarni talab qilish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 215(5)-moddasiga muvofiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish deb e’tirof etilib, mansabdor shaxslarni va xizmatchilarni ma’muriy javobgarlikka tortishga asos hisoblanadi.

Aziz fuqarolar, agar davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida Sizdan yuqorida aytib o‘tilgan hujjatlar talab etilsa, Davlat xizmatlari agentligining 1148 ishonch raqami, yoki @davxizmataloqa_bot telegramdagi qayta aloqa botimizga murojaat etishingiz so‘rab qolamiz, deyiladi xabarda.