DXA xodimlari “Mehr ulash” qon topshirish xayriya aksiyasida qatnashdi

Adliya vazirligi tashabbusi bilan “Mehr ulash” qon topshirish xayriya aksiyasiga start berildi. Xususan, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan ham ushbu aksiya uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Shuningdek, boshqarma hamda Samarqand shahridagi FHDYo bo‘limlari, Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari ixtiyoriy ravishda qon topshirishdi.

Donorlikni rivojlantirish va rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu aksiya doirasida Samarqand viloyat Qon quyish markazining sayyor guruhi vakillari xodimlar bilan suhbatlashib, har bir ko‘ngilli donorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. Qon topshirish qonun-qoidalarini tushuntirishdi. 

- Inson organizmida 4,5-5 litr qon bo‘lib, donorlardan 350-450 ml qon olinadi (fiziologik doza), - deydi viloyat Qon quyish markazi sayyor guruh boshlig‘i Abdusalom Jalilov. - Inson organizmi topshirilgan qon miqdorini 36 soat ichida tiklab oladi. Ta’kidlash kerakki, qon topshirish inson uchun albatta xavfsiz. Mamlakatimizda 18 yoshga to‘lgan sog‘lom inson bir yilda 2-4 martagacha qon topshirishi mumkin. Bu turli kasalliklar yoki baxtsiz hodisalar tufayli qonga muhtoj bo‘lgan insonlarning yana hayotga qaytishlariga yordam beradi.

Markaz xodimlarining ta’kidlashicha, viloyatda 2020 yil davomida 27 mingdan, joriy yilning 8 oyida esa 21 ming nafardan ortiq ko‘ngilli fuqarolarimiz qon topshirgan. 

- Bir necha yillardan buyon qon topshirib kelaman, - deydi boshqarma xodimi, donor Sayimjon Bahramov. - Bilasizmi, faoliyatim davomida shunday bemorlarni ko‘rganmanki, ularning hayotini asrab qolish uchun hatto bir necha tomchi qon muhim ahamiyatga ega. Shu sababdan ezgu maqsadlar bilan ana shunday bemorlarga amaliy yordam ko‘rsatishga harakat qilaman. 

Mehr-oqibat, ezgulikning yorqin namunasi bo‘lgan bu kabi tadbirlar bemorlar dardiga shifo topish, ularni sog‘lom hayotga qaytarishda juda zarur.