DXX: Sement solingan qoplar ichidan qariyb 10 kilogramm “opiy” narkotik moddasi olindi
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona organlari xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahridan Urganch shahriga sement mahsulotlari olib kelgan yuk avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Natijada avtomashinada sement mahsulotlari solingan qoplar ichiga yashirib qo‘yilgan 10 dona o‘ramda 9 kg. 754 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, Urgut tumanida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun 3 marotaba sudlangan shaxs yuk avtomashinasini buyurtma qilib, sement mahsulotlari niqobi ostida, ushbu ajal og‘usini Xorazm viloyatiga sotish uchun olib kelgan.
Ushbu narkotik moddalar Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan. Hozirda DXX Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.