DXX: Fuqaroning gazdan qarzini pora evaziga "o‘chirtirib" bermoqchi bo‘lgan mansabdor qo‘lga olindi
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, xususan, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining har qanday shakliga barham berish borasida muntazam ravishda faol harakatlar olib borilmoqda.
Shunga qaramay, ayrim nafsiga erk bergan kimsalar va hattoki nufuzli mansab kursisida o‘tirganlar ham bila-turib poraxo‘rlikka, tanish-bilishchilikka berilib ketayotgani ijtimoiy hayotimizga jiddiy xavf solmoqda.
Xususan, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali “Narpay tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining aholi iste’molchilari bilan ishlash bo‘limi bosh muhandisi T.I. mansab vakolatidan foydalangan holda mahalliy fuqaroning gaz ta’minotida yuzaga kelgan 10 million so‘m miqdoridagi qarzdorligini so‘ndirib berish evaziga 3 million 500 ming so‘m pul berishini tamagirlik yo‘li bilan talab qilib kelgan.
DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1979 yilda tug‘ilgan, Narpay tumanda yashovchi T.I. mahalliy fuqarodan so‘ralgan 3 million 500 ming so‘mdan 1 million 500 ming so‘m qismini olayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, T.I. 2021-2023 yillarda "Narpay tumangaz" bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib, ayrim iste’molchilarning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishiga befarqlik bilan yondashganligi bois, egallab turgan lavozimidan olingan. Shunga qaramasdan, muqaddam sodir etgan harakatlaridan yetarli xulosa chiqarmay, iste’molchilardan moddiy manfaatdorlik evaziga ularning mavjud qarzdorliklarini elektron bazadan o‘chirib berishda "yordam ko‘rsatib" kelgan.
Hozirda, ushbu holat yuzasidan fuqaro T.I.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.