DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarni aniqladi

Prezidentimizning 2021 yil 28 apreldagi “2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash jarayonida korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda. 

Xususan, xizmatning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida, viloyat tumanlaridan birining Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda, ishlab chiqarish kooperativ rahbaridan 10 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, ushbu mansabdor shaxs mazkur kooperativga a’zo bo‘lgan 67 nafar kam ta’minlangan oila vakillari uchun 122,5 million so‘m miqdorida davlat byudjetidan subsidiya ajratib berib, evaziga 10 million so‘m talab qilgan.

Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi advokatlik firmalaridan birida advokat bo‘lib ishlovchi ayol jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudining hukmiga asosan “Davr bank” XATBning Olmazor filiali hisobiga o‘tkazilgan hovli-joyni sud organlarida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali qaytarib olib berish evaziga 40 ming AQSh dollari talab qiladi.

U so‘ralgan pulning 20 ming dollarini oldindan olgan vaqtida DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi, shahar prokuraturasi va Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent shahrida kuzatilgan yana bir holatda esa 1994 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan fuqaro o‘zganing ishonchiga kirib, uni Qirg‘iziston Respublikasidagi tibbiyot yo‘nalishiga ixtisoslashgan oliygohning birinchi bosqichini tamomlaganligi to‘g‘risidagi qalbaki hujjatlarni tayyorlab, so‘ngra mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridan birining ikkinchi bosqichiga kiritib berishni va’da qiladi hamda evaziga 5,5 ming AQSh dollari so‘raydi.

U mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan fuqaro qurilish firmasi ish yurituvchisining ishonchiga kirib, unga mansabdor tanishlari orqali qurilish ob’yekti olib berishini aytadi va evaziga qurilish ob’yekti uchun byudjetdan ajratiladigan 8 milliard so‘m miqdoridagi pul mablag‘ining 8 foizini berishini so‘raydi.

DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining Departament va ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida firibgar shaxs avans sifatida 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

DXX matbuot xizmatining xabar berishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.