DXX kubogiga start berilmoqda

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda Davlat xavfsizlik xizmati ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Xususan, joriy yilning aprel oyidan boshlab, yurtimizning har bir go‘shasida mini-futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqasi o‘tkaziladi.

Samarqandda shu yilning 5 aprelidan boshlab O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi, Sportni rivojlantirish vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqasiga start berilmoqda.

Viloyatda DXX kubogi musobaqasining shahar va tumanlar bosqichlari joriy yilning 5 apreldan 15 aprelga qadar o‘tkaziladi. Viloyatning 1126 ta mahallasidagi 16-30 yosh oralig‘idagi yoshlardan iborat 10 510 ta jamoa guruhlarga bo‘lingan holda maydonda to‘p surishadi. 

Dastlab, shahar va tumanlarning 4 ta sektor xududlari kesimida har bir mahalla yoshlaridan tashkil topgan jamoalar g‘oliblik uchun kurashib, so‘ng hududlararo bahslarda kuch sinashadi. Musobaqa tuman, viloyat va respublika bosqichlariga qadar davom etadi.

Musobaqani o‘tkazishdan maqsad uyushmagan, kam ta’minlangan, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va xorijiy mamlakatlarda ishlab kelib, hozirgi kunda ishsiz bo‘lgan yoshlar hamda imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdan iborat. Shuningdek, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishiga jalb qilish, mini-futbol, futbol va shaxmat sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, ular orasida iqtidorli sportchilarni aniqlashdir. 

Musobaqalarning birinchi bosqichi joriy yilning aprel-may, ikkinchi bosqichi iyun-iyul oylarida hamda uchinchi final bosqichi avgust oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Eslatib o‘tamiz, viloyat bosqichida 1-o‘rinni egallagan jamoalar tegishli o‘rinni tasdiqlovchi kubok, diplom, sport medallari, badiiy kitob va maishiy texnikalar bilan taqdirlanadi hamda g‘olib jamoa mahallasiga “Workout” maydonchalari qurib beriladi, vaucher “sertifikat” respublika bosqichining taqdirlash marosimida topshiriladi.

DXX kubogida g‘olib bo‘lgan jamoalar mahallasiga mini-futbol maydonlari, 2-o‘ringa universal sport maydoni (basketbol va voleybol o‘yinlari uchun mo‘ljallangan) va 3-o‘rinlarni egallagan jamoalar mahallasiga “Stritbol” (bir savatli ko‘cha basketboli) sport maydonlarini qurib berilishi, shuningdek sovrindor bo‘lgan (1, 2, Z-o‘rinni egallagan) jamoalarni bir haftaga Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi ta’sischiligidagi “Shafran” tog‘-kurort kompleksida dam olishlari tashkil etiladi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida 2022 yilning aprel-may oylarida shaxmat-shashka musobaqasi o‘tkaziladi.