DXX tomonidan bir qator viloyatlarda giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi
Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar hamda bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “Samarqand-Namangan” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina Chust tumani hududida to‘xtatilib tekshirilgan.
Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Samarqand shahrida yashovchi, 2 nafar fuqaroning yonida 1 kg 470 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan mamlakatimiz hududiga o‘tkazilgan ushbu narkotiklarni Namangan shahriga olib borib berishlari evaziga, mazkur 2 fuqaroning har biriga 1 million so‘mdan pul berilishi va’da qilingan.
Boshqa bir holatda esa Namangan shahrida yashovchi, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Lada” rusumli avtomashina viloyat markazida to‘xtatilib tekshirilganda, uning salonida 931 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlangan.
Shuningdek, u qirg‘izistonlik narkokur’yer tomonidan mamlakatimiz hududiga o‘tkazilgan mazkur ajal og‘usini Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxsdan olganligi aniqlandi hamda u ham ushlandi.
Namangan shahridagi avtoturargohlardan birida mahalliy fuqaro 1.568 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 1600 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, xizmat xodimlari tomonidan bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda mamlakatimiz poytaxtida ham bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Surxondaryo viloyatida yashovchi, 2 nafar fuqaro 496 gr. “gashish” moddasini kelgusida sotish maqsadida Toshkent shahriga olib kelgan vaqtlarida Chilonzor tumanida ushlandi.
Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro 1680 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 30 mln. so‘mga, Bektemir tumanida qayd etilgan holatda esa 1991 y.t., muqaddam sudlangan shaxs 133 dona “Regapen” va 43 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 12 mln. so‘mga sotayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Bu yo‘nalishda DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
Xususan, “Farg‘ona-Sirdaryo” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Guliston shahrida yashovchi, shaxs boshqaruvidagi “Jentra” rusumli avtomashina “Sayxunobod” YPX maskanida to‘xtatilib tekshirilganda, unda 242 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi hamda mamlakatimizda muomalasi cheklangan narkotik moddalar turkumiga kiruvchi 78 dona “Tramadol” dori vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, muqaddam sudlangan shaxsning Guliston shahridagi yashash manzilidan 406 dona “Regapen” va 56 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.