DXX va IIV xodimlari katta miqdordagi giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yishdi

 Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va oldi-sotdisi insoniyat oldidagi eng jiddiy xavflardan biridir.

Chunki chegara bilmas bu illat allaqachon global muammoga aylanib ulgurdi. Shu bois ham mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Urgut tumanidagi “Jartepa-avto” xalqaro o‘tkazish punkti yaqinda joylashgan “Mug‘ol” qishlog‘ida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Panjikent tumani Bo‘stondex qishlog‘ida yashovchi Umid Hasanov Urgut shahrida istiqomat qiluvchi Qobil Axatovga 1,5 kg. opiy giyohvand moddasini sotayotgan paytda qo‘lga olindi.

Tezkor surishtiruvlar davomida Umid Xasanovning hamtavog‘i bo‘lgan Toyloq tumani Bachki qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Sayfullo Shodiyevning xonadonida 12 kg 445 gramm opiy moddasi saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Mazkur holat bo‘yicha DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida Sayfullo Shodiyevning tanishi bo‘lgan Shuhrat Mustafoqulov ham ushlanib, u o‘z otasining xonadoniga 8 kg 330 gr. opiy va 2 kg 335 gr. geroin moddasini yashirib qo‘yganligi aniqlandi va mazkur giyohvand moddalar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, muqaddam Shuhrat Mustafoqulov va Sayfullo Shodiyevdan giyohvand moddalar sotib olgan fuqaro Akmal Islomovning yashash joyidan esa 1 kg 200 gr opiy va 70 gramm geroin moddasi olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 23 kg 450 grammdan ortiq opiy va 2 kg 400 grammdan ziyod geroin giyohvand moddasi olindi.

O‘zA.