E.Turdimov viloyat tibbiyot xodimlari bilan uchrashdi
– Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 9 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qayd etilganidek, keyingi ikki yilda mazkur soha bo‘yicha ko‘plab farmon va qarorlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa-da, xalqimizga yuqori sifatli, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida kutilgan natijaga erishganimiz yo‘q, – dedi E.Turdimov. – Vaholanki, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda soha xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilib, buning uchun davlat va mahalliy byudjetdan ajratilayotgan mablag‘ salmog‘i oshdi. Shahar va qishloqlarimizda yangi zamonaviy tibbiyot muassasalari tashkil etildi. Sohada xususiy tarmoqning roli kengaymoqda. Endi soha xodimlari ham eskicha ish uslublaridan voz kechib, zamon talablariga mos faoliyat ko‘rsatishi lozim. Asosiy maqsad – xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularning tizimdan roziligiga erishish bo‘lishi kerak.
Uchrashuvda tuman va shaharlardagi tibbiyot muassasalarida bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarga tanqidiy baho berildi. Jumladan, Payariq tuman tibbiyot birlashmasining Chelak shifoxonasida isitish tizimining ishlamasligi, Samarqand shahar markaziy shifoxonasi va oilaviy poliklinikalarda oddiy muolajalarni bajarish uchun ham yetarli imkoniyat yo‘qligi qayd etildi.
Tadbirda mutasaddi tashkilotlar, jamoatchilik vakillari jalb etilgan holda viloyatdagi barcha tuman, shahar tibbiyot muassasalari faoliyati o‘rganilishi, bu ish kelgusi haftada Paxtachi tumanidan boshlanishi ta’kidlandi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.