Edvard Mordreyk - ikki yuzli odam

XIX asrda yashagan, yuz yoshdan ko‘proq umr ko‘rgan angliyalik g‘ayrioddiy odam haqidagi afsona dunyo bo‘ylab aytiladi. Bu ikki boshli Edvard Mordreykdir. Ayrim tibbiyotchilar uning yashab o‘tganligini shubha ostiga olishgan. Shunga qaramay, ikkinchi «men»i bilan birga yashashga majbur bo‘lgan bu kishining qiyofasi yozuvchilar, kinematograf, rassomlar va musiqachilar diqqat-e’tiborini tortib, san’atda undan faol foydalanilgan.

 Bu odamning hayoti haqidagi asosiy ma’lumotlar ikki amerikalik shifokor Jordj Guld va Uolter Payl muallifligida 1896 yilda nashr etilgan «Tibbiyotdagi anomaliyalar va g‘alati hodisalar» kitobidan olingan. Ushbu to‘plamda meditsinada uchraydigan har xil g‘aroyib holatlar, shu jumladan Mordreyk to‘g‘risida ham yozilgan. Edvard 1887 yilda (boshqa bir ma’lumotda 1873 yilda) Angliyadagi ko‘zga ko‘ringan zodagon oilalardan birida g‘ayrioddiy xunuklik bilan tug‘ilgan. Uning boshining orqa tomonida yana bir yuzi bor edi, buning ustiga u «tirik» edi – ko‘zlarini ochar, kular va yig‘lar, lekin hech qachon gapirmas va ovqat yemasdi. Anomaliyaga qaramay, yigit kelishgan va qobiliyatli bo‘lib ulg‘aydi.

«Tanishlari uni porloq iste’dod egasi deb gapirardi. Do‘stlari esa uning Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lganligi va har xil musiqa asboblarini yaxshi chalganligi va o‘ynaganligini aytishardi. Edvard Mordreykni taniganlar uning old yuzi nihoyatda chiroyli ekanligini, boshining orqasidagi yuzi esa bag‘oyat xunuk va yovuzlik tarqatib turayotganday bo‘lganligini aytgan», deb yozadi mualliflar.

Kitobda ushbu anomaliya to‘g‘risida tibbiyotda uchraydigan deyarli kuchli birodari tomonidan o‘ziga singdiradigan «Craniopagus parasiticus» - parazitar siam egizagi to‘g‘risida mutlaq mantiqiy tushuncha berilgan.

Xunuklik Edvardga jismonan xalaqit bermasa-da, uning ruhiy holati asta-sekin buzila boshladi. Negaki, uning ikkinchi yuzi ko‘pincha qarama-qarshi his-tuyg‘ularni ifoda etar, yigit xafa bo‘lganida u xursand bo‘lar yoki aksincha u yaxshi kayfiyatda bo‘lganida xo‘rsinib, yig‘lardi.

Atrofdagilar ikkinchi yuzning biror-bir so‘zini eshitmagan bir paytda Edvard uning doimo tinchini buzib, shayton aralash so‘zlarni aytishini, ko‘pincha uxlaganida uning pichirlashidan uyg‘onib ketishini, hatto jarrohlardan bir necha bor ikkinchi yuzini olib tashlashni so‘rab, murakkab operatsiyaga tayyor ekanligini aytgan. Shifokorlar natija halokatli bo‘lishidan qo‘rqib, bunday operatsiyani o‘tkazmagan.

Edvard shifokorlar, oila a’zolari va do‘stlarining e’tibori va hushyor nazoratiga qaramay, 23 yoshida ikkinchi yuzini o‘qqa tutib, o‘z joniga qasd qildi. O‘lim oldi yozgan xatida u dafn qilinishi oldidan undan «shayton yuzi»ni kesib olib tashlashlarini so‘ragan. Shifokorlar ushbu iltimosni bajardimi yoki yo‘qmi noma’lum.

Manbada aytilishicha, Edvard Mordreyk to‘g‘risidagi bu ma’lumotlar shifokorlar tomonidan yozilgan bo‘lib, ishonchlilikka kafolat bera olmaydi. Gap shundaki, «Boston Post» gazetasida chop etilishidan bir yil avval fantast yozuvchi Charlz Xildretning aynan Mordeyk haqidagi «Zamonaviy ilm-fan mo‘’jizalari: iblis bolalari sanalmish yarim inson monstrlar» sarlavhali maqolasi chop etilgan edi. Aftidan, mualliflar uni shunchaki ilmiy maqola sifatida qabul qilib nashr qilgan. Bunday inson haqiqatan ham bo‘lganmi, yo‘qmi aniq emas. Mordreykning haqiqiy surati ham yo‘q, ko‘paytirilgan suratlar esa rassomlar tomonidan taniqli syujet asosida yaratilgan mumsimon tasvirdan olingan. Hikoya haqiqatnamo bo‘lishiga qaramay, bu to‘g‘rida tadqiqotchilarning fikri turlicha. 

Boshqa tomondan meditsinada bu kabi egizaklar birlashishi natijasida «Parazitiar kraniopag» deb ataladigan holatlar bor. Masalan, 1783 yilda Bengaliyada «Ikki boshli bola» tug‘ilgan va kobra chaqishi oqibatida 1787 yilda vafot etgan. Hozirda uning bosh suyagi Angliya qirollik jarrohlik kollejida saqlanadi.

  Bugungi kunda dunyoda xuddi shunday anomaliya bilan tug‘ilgan bitta bola bor, u ota-onasining fidokorligi va zamonaviy tibbiyot tufayli 15 yoshga to‘lgan.  Amerikaning Missuri shtatida yashaydigan Tres Jonsni ham Mordreyk kabi «ikki yuzli odam» deb aytishadi. Demak, bu kabi holatlarni tibbiy nuqtai nazardan inkor etmaslik lozim.

Biroq, Mordreykning iqtidori va musiqiy iste’dodi to‘g‘risidagi tafsilotlar ham shubha tug‘diradi. Shifokorlarga ma’lum bo‘lgan bunday chaqaloqlarning aksariyati aqli zaif bo‘lgan. Tres Jons ham tug‘ilganidan bosh og‘rig‘idan aziyat chekkan, unda tutqanoq kasalligi ham bo‘lgan. Shuning uchun u bir necha operatsiyalarni boshidan o‘tkazgan. Ehtimol, muallif Mordreyk timsolida egizak parazit tug‘ilishining haqiqiy voqeasini asos qilib olib, o‘z birodarining jirkanch shaxsiyatini o‘zi bilan birga olib yurishga majbur bo‘lgan.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.

Manba:Taini.su