Ehtiyoj uchun emas, zarariga “ijod” qilmayapmizmi?

O‘tgan asrning 70-80 yillarida to‘y va bazmlar, marosimlar xonadonlarda, hovlilarda o‘tkazilardi. Xonadonlarda o‘tkaziladigan to‘ylar uchun tayyorgarlik to‘ydan bir necha kun oldin yaqinlar, qo‘ni-qo‘shni va mahalla oqsoqollaridan iborat bo‘lgan bir necha kishini chaqirib, maslahatlashib, kengashib olinardi. To‘y kuni yoshlar xizmatda, kattalar hurmatda bo‘lardi. Bunda ayniqsa, kishilar o‘rtasidagi munosabatlar, urf-odatlarimiz bo‘y ko‘rsatardi.
Ammo bugungi bazmgohlarda o‘tayotgan to‘y va ma’rakalar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, dasturxonga qo‘yilayotgan noz-ne’matlarning turlari va hajmi haddan ziyod oshib, ortiqcha isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu holat bir necha bor muhokamalarga sabab bo‘ldi. Afsuski, to‘y va ma’rakalarda biror ijobiy o‘zgarish sezilmadi. O‘zgarish sezilyapti, faqat salbiy tomonga. Odamlar o‘zlari o‘ylab topayotgan yangi-yangi urf-odatlar qo‘shilyapti. Bunday “odatlar”ga o‘z vaqtida barham berish, ortiqcha sarf-xarajatlardan tiyilish lozim.
Bazmgohlardagi to‘ylarda musiqaning balandligidan erkin o‘tirib, suhbatlashib bo‘lmaydi. Dasturxonga tortiladigan noz-ne’matlar keragidan ortiq.
Tariximizga nazar tashlasak, to‘y bu belgi, ovoza qilish deb tushunilgan bo‘lsa, hozirda to‘y dabdaba, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishdan nariga o‘tmay qoldi. Nazoratsizlik oqibatida kundan kunga yangi qiliqlar o‘ylab topilyapti. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun bo‘lish, to‘y va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali qilaman degan qarash ustun bo‘lmoqda.
Isrof - saxiylik, tejamkorlik - ziqnalik emas. Tejamkor kishi pulini keragidan ortiqcha sarflamaydi, hayoti, ro‘zg‘ori, ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan narsalarga xarjlaydi.
Komilxon KATTAYeV,
Mahdumi A’zam ilmiy-tadqiqot fondi rahbari,
“Do‘stlik” ordeni sohibi.