Ehtiyotsizlik ayanchli yakunlanishi mumkin

O‘tgan 2023 yil viloyatimizda 9 ta holatda is gazidan zaharlanish, 12 ta holatda tabiiy gaz va havo aralashmasining chaqnashi qayd etilgan. Joriy yil esa hali isitish mavsum boshlanmay turib, 4 ta is gazidan zaharlanish va 7 ta chaqnash holati sodir bo‘ldi.

9 sentyabr kuni Samarqand shahri Beruniy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birida yuz bergan portlash ham shular jumlasidan. Kunlar sovisa, bu raqamlar yana ko‘payadimi?
Viloyat matbuot uyida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Axrorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani shu masalaga bag‘ishlandi.

Ta’kidlanganidek, boshqarma kuz-qish mavsumini talofatsiz o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni yoz oyida boshlagan. Xususan, haftaning har chorshanba va shanba kunlari profilaktik tadbirlar kuni sifatida belgilangan. O‘tgan vaqtda tadbir doirasida 1255 ta ko‘p qavatli uy va ulardagi 32 165 ta xonadon nazoratdan o‘tkazilgan. 1049 ta mahalla, 72 mingdan ortiq uy-joyda o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish va tekshirish davomida 4332 ta kamchilik aniqlanib, hozirgacha shundan 3749 tasi bartaraf etilgan.

Bundan tashqari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, davlat tasarrufidagi boshqa ob’yektlarda ham tegishli profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Jarayonda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzib kelayotgan 51 nafar javobgar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

— Ammo shu bilan ham mavsum vaqtida ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lmaydi, deya kafolat bera olmaymiz, - deydi Umid Ahrorov. - Sababi bunda ko‘p narsa fuqarolarning o‘ziga bog‘liq. Tushunishimiz kerak, boshqarma viloyatdagi har bir xonadonni nazorat qilib tura olmaydi. Shunday ekan har birimiz o‘z xavfsizligimiz uchun kurashishimiz, hech bo‘lmaganda xavfsizlik talablariga mas’uliyat bilan yondashishimiz kerak. Qadimda ham ota-bobolarimiz uyni sovuq kunlarga tayyorlash davomida pech va dudburonlarni ko‘zdan kechirib, tozalagan. Ularda o‘tin yoqib, is gazi qayerga ketayotganini tekshirgan. Bugun esa ko‘pchilik oddiy dudburonini ochib qaramaydi. Holbuki, is gazidan zaharlanish holatlarining 90 foizi aynan dudburonlarning tozalanmagani yoki berkilib qolgani bilan bog‘liq.

Tadbirda binolarni qurishda yong‘in xavfsizligi talablarining bajarilishi, nazorat tadbirlarini o‘tkazish tartibi va boshqa masalalar bo‘yicha ham ma’lumot berildi.