YeI tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarga yana olti davlat qo‘shildi

Yevropa Ittifoqi (YeI) tomonidan Qrim tufayli Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarga yana olti nafar davlat qo‘shildi. Bu haqda TASS agentligi, YeIning tashqi siyosat xizmatiga tayangan holda ma’lum qildi.

YeIning hamkor davlatlari, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirilishi to‘g‘risidagi YeI Kengashi qaroriga qo‘shilishini tasdiqladi.

“Chernogoriya va Albaniya - nomzod mamlakatlar (YeIga qo‘shilishga), Yevropa erkin savdo hududi a’zolari Norvegiya va Islandiya, shuningdek Ukraina va Gruziya YeI Kengashining 2020 yil 18 iyunda qabul qilingan sanksiyalar muddatini 2021 yil 23 iyunga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi qaroriga qo‘shilishlarini e’lon qildilar”, - deyilgan xabarda.

Mazkur davlatlarning barchasi, 2014 yilda shakllantirilgan va Rossiya Federatsiyasiga nisbatan joriy etilgan Yevropa sanksiyalar tizimiga qo‘shilishga rozi bo‘ldilar. 2014 yildan buyon Qrim tufayli Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etilib kelinmoqda. Joriy yilda YeI Turkiyani ham sanksiyalarga qo‘shilishiga umid bog‘lagan edi, biroq rasmiy Anqara rad javobini berdi.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va bir qator boshqa mamlakatlar tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar, 2014 yilda Qrim Rossiya tarkibiga qo‘shib olinganidan va Ukraina janubiy-sharqidagi vaziyat keskinlashganidan so‘ng joriy etildi. Bryussel tomonidan Moskvaga nisbatan tadbiq etilgan iqtisodiy cheklovlar muddati muntazam uzaytirib kelinmoqda.