El-yurt hurmati ilm tufayli
Hazrat Navoiyning barchamizga yod bo‘lib ketgan, ko‘p takrorlaydiganimiz shunday satrlari bor:
Bu gulshan ichra yo‘qtur baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur qolsa yaxshiliq bila ot...
Haqiqatan ham bu dunyoda hamma narsa o‘tkinchi, faqat yaxshilikning umri boqiy, savobli ishlar yodda qoladi, ilmning qadri o‘lmaydi. Agar shu ezguliklar ilm ortidan amalga oshsa, qanday yaxshi. Insonni komillikka yetaklovchi kuch ham, davlat va jamiyat taraqqiyoti ham ilm, ma’rifat bilan. Ilmsiz kishining johilga tenglashtirilishi boisi shunda bo‘lsa kerak.
Yaratganga shukrki, biz yashab turgan muqaddas zamin azal-azaldan ma’rifat maskani bo‘lgan. Ne-ne ulug‘ allomalarga beshik bo‘lib, jahon sivilizatsiyasining markazlaridan biriga aylangan. Ajdodlarimizning ana shu beqiyos ilmiy merosi tarixiy manbalar, kitoblar bilan birga qondan-qonga o‘tib, an’ana va qadriyat darajasiga ko‘tarilib, bugungi kungacha yetib kelgan. Va bu boy ma’naviy meros bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Hayot doim bir xil kechmaydi. Turli davrlar, siyosiy tuzumlarda ilm-ma’rfatga e’tibor ham o‘zgarib turadi. Biz mustaqillik tufayli xalqimizning shonli o‘tmishini – bu tarix bilan bog‘liqmi yoki madaniyat bilanmi, chuqurroq, ro‘y-rost o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Keyingi to‘rt yilda esa ana shu ilmni ro‘yobga chiqaruvchi olimlar, tadqiqotchilarga davlatning, davlat rahbarining e’tibori, g‘amxo‘rligi avvalgilardan o‘n chandon kuchaydi. Ziyolilarning mehnati munosib qadr topdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyati takomillashtirildi, ta’lim tizimining barcha bosqichi bugungi kun talabidan kelib chiqib, xalqaro andozalarga moslashtirilmoqda. Yurtimizdagi oliy ta’lim tarixi XIX asr oxiri yoki XX asr boshiga emas, XV asrga borib taqalishi, Mirzo Ulug‘bek madrasayi oliyalaridan boshlanishiga oid tarixiy adolat qaror topdi.
Aslida, bu sa’y-harakatlar, ilm ahliga e’tibor yurtimizning ertasi bo‘lgan yoshlar kelajagi, mamlakatning taraqqiyotini o‘ylab amalga oshirilmoqda. Zero, ilmsiz taraqqiyotni tasavvur etib bo‘lmaydi.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida Prezidentimiz farmoni bilan yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lganimni eshitib, ana shu fikrlar xayolimdan o‘tdi. Ellik yildan ko‘proq vaqtdan buyon mumtoz adabiyotimizni o‘rganish, uning beqiyos ilmu ziyosidan yoshlarni bahramand etish uchun chekkan zahmatlarim bir-bir ko‘z oldimdan o‘tdi. Albatta, bu paytda qalbimdan kechgan quvonch, hayajonni so‘z bilan ifodalash qiyin. Lekin hech ikkilanmay ayta olamanki, bu minnatdorlik, kasbimdan faxr tuyg‘ularidir.
Muslihiddin Muhiddinov,
Samarqand davlat universiteti professori, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi.