Elchixona Xitoyda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini ogohlantirdi
O‘zbekistonning Pekin shahridagi Elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 25 yanvar kuni koronavirus tarqalishi sababli, Xitoy hukumati mamlakatning 1,2 milliard kishi istiqomat qiladigan 25 ta provinsiyasi, markazga bo‘ysunadigan shaharlari va maxsus ma’muriy hududlarida sog‘liqni saqlash bo‘yicha eng yuqori darajadagi favqulodda vaziyatni joriy etdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi xabarida qayd etilishicha, Xubey provinsiyasining 15 dan ortiq shaharlarida maxsus karantin choralari joriy etilgan: transport vaqtincha to‘xtatilgan, vokzallar va aeroportlar ishlamayapti. Pekin shahrida 30 dan ortiq kishi ushbu kasallikni yuqtirgan bo‘lib, u yerda aksar diqqatga sazovor joylar, teatrlar, muzeylar, shu jumladan Taqiqlangan shahar yopilgan.
Elchixona Xitoyda bo‘lib turgan yoki mamlakatga turizm va boshqa maqsadlar uchun tashrif buyurmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga barcha xavf-xatarlarni inobatga olish va barcha ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya qiladi.
Shuningdek, elchixona yanvar oyida Uxandan vatanga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalarni zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan bog‘lanishni so‘ragan.
Eng so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda Xitoyda koronavirusga chalinganlar 2027 kishiga yetgan, halok bo‘lganlar soni esa 57 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqida “Van’i“ axborot portali xabar bergan.