Bulung‘urda 5 kilogramm “marixuana” sotayotgan shaxs ushlandi

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan ushbu "marixuana" giyohvandlik vositasini 10 000 AQSh dollariga sotayotgan shaxs qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, shu yil 10 yanvar kuni viloyat IIB tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan Bulung‘ur tumanida tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan.

1981 yilda Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan shaxs maxsus xaridorga 1 kilogramm “marixuana” giyohvandlik vositasini 25 million so‘mdan sotishini oldindan kelishib, rejalashtirgani to‘g‘risida ma’lumotlar olingan. Maxsus xaridor bilan bog‘langan shaxs 5 kilogramm yukni tayyorlab qo‘yganini ma’lum qilgan. Samarqand viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmati xodimlari viloyat bojxona xizmati xodimlari bilan hamkorlikda tumanning “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda vazni taxminan 5 kilogramm “marixuana” giyohvandlik moddasini 10 000 AQSh dollariga sotayotgan shaxs daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.