Elchixona xodimlari Balashixada kaltaklangan o‘zbekistonliklardan hol so‘radi

Joriy yilning 25 sentyabr kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi xodimlari O‘zbekiston fuqarolari I.X. va D.B.ning holidan xabar oldi.

TIVning xabar berishicha, ular 20 sentyabr kuni fuqarolik kiyimidagi politsiya xodimlari ishtirokida sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng og‘ir jarohatlar bilan Moskva viloyati Balashixa shahridagi kasalxonaga joylashtirilgan edi.

Jabrlanganlarning so‘zlariga ko‘ra, ular federal ahamiyatga ega ob’yektlarda restavratsiya ishlarini olib borish uchun malakali mutaxassis sifatida Rossiyaga taklif qilingan.

Elchixona vaziyatni nazoratga oldi va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Tergov qo‘mitasiga rasmiy murojaat qildi hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi bilan birgalikda yurtdoshlarimizni davolatish uchun to‘lovni amalga oshirish masalasini hal qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz: Rossiya OAVlarida xabar qilinishicha, yuqorida ko‘rsatilgan o‘zbekistonliklar ijarada turgan kvartiraga fuqaro kiyimida bo‘lgan politsiyachilar bostirib kirgan. Ulardan tashqari, uydan yana uch nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan.
Bostirib kirganlar hech bir hujjat taqdim etmasdan, o‘zlarini "jinoiy qidiruv bo‘limi xodimlari", deya tanishtirib, uydagilarni kaltaklashga tushgan va ulardan pul talab qilishgan.
Oqibatda ikki kishi ikkinchi qavatda joylashgan uyning derazasidan pastga sakragan. Ancha payt hushini yo‘qotgan holda yerda yotgan. So‘ng ularni yo‘ldan o‘tayotganlar ko‘rib, tez yordam chaqirgan.
Jabrlanganlar miya chayqalishi, tos suyaklari, umurtqa va qo‘l sohalari sinishi kabi og‘ir jarohatlar olgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti eslatib o‘tadiki, Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod viloyati, Bryansk viloyati, Vladimir viloyati, Voronej viloyati, Ivanovo viloyati, Kaluga viloyati, Kastroma viloyati, Kursk viloyati, Lipetsk viloyati, Moskva shahri, Moskva viloyati, Orlov/Oryol viloyati, Ryazan viloyati, Smolensk viloyati, Tambov viloyati, Tver viloyati, Tula viloyati, Yaroslav viloyati) va Armaniston hududidagi fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20.