Elektr energiyasi tizimidagi o‘zgarishlar iste’molchilarni tejamkorlikka o‘rgatadimi?
Shu yilning 1 noyabridan boshlab, elektr energiyasidan ortiqcha foydalanishga cheklovlar joriy qilinishi to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgach, ijtimoiy tarmoqlarda turli xil gap-so‘zlar, tushunmovchiliklar kelib chiqdi. Xo‘sh, bu cheklovlarning tartibi qanday bo‘ladi?
- Bu bilan elektr energiyasi uchun tariflar oshmayapti, faqatgina ko‘p iste’mol qiluvchilar uchun tabaqalashtirilgan narxlar joriy qilinyapti, xolos, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali boshlig‘i Umid Nazarov shu mavzuda o‘tkazilgan brifingda. – Elektrning 1000 kW gacha bo‘lgan narxlari ilgari ko‘zda tutilganidek, 295 so‘mligicha qolmoqda. Ya’ni, 1001kW dan 5000 kW soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar (590 so‘m), 5001 kVtdan 10 000 kW soatgacha iste’mol uchun 3 barobar (885 so‘m) va 10 000 kW soatdan yuqori iste’mol uchun 4 barobar (1180 so‘m) o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llanilgan holda haq undiriladi.
2019 yildan shu bugungi kunga qadar, ya’ni 4 yil davomida ulgurji iste’molchilar uchun (byudjet tashkilotlari va ayrim yirik iste’molchilardan tashqari) tariflar oshirilgani yo‘q. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 15 sentyabrdagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilning 1 oktyabridan faqatgina ulgurji iste’molchilar uchun tariflar oshdi. Aholi uchun esa eski tarif, ya’ni 1 kW uchun 295 so‘m to‘lov saqlanib qolinmoqda.
Shuningdek, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan aholi, ya’ni maishiy iste’molchilar uchun ham tariflar (147.5 so‘m) o‘zgarmagan. Yangi tariflar joriy etilishi bilan ulgurji iste’molchilarga elektr energiyasini yetkazib berish 50 foiz oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Oldindan haq to‘lamagan iste’molchilarga nisbatan elektr tarmoqlaridan to‘liq uzish choralari ko‘riladi.
- Elektr energiyasidan oqilona foydalanish maqsadida maishiy iste’molchilarning elektr energiyasi iste’moli yuklama orqali chegaralanadi, - deydi Umid Nazarov. - Bunda elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi - ASKUE doirasida iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan hamda joylashgan hududidan kelib chiqib, hisoblagich orqali 10-15 kW quvvat doirasida cheklov kiritiladi. Bu degani, 10 kW cheklov kiritilgan hududdagi xonadonlar bir vaqtning o‘zida 1500 vattlik uchta elektr pechka, 2000 vattlik uchta konditsionerni tarmoqqa ulay olmaydi. Chunki quvvat 10500 W (10,5 kW) bo‘lib ketmoqda. Bu holda ASKUE hisoblagich xonadonni tokdan uzib, bloklab qo‘yadi.
Bunday chora eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlar va transformator punktlari joylashgan ma’lum bir hududlarda iste’molchilarning uzoq vaqt elektr ta’minotidan uzilib qolishining oldini olish zarurat yuzasidan qo‘llaniladi.
Bu o‘zgarishlar aholida tejamkorlik kayfiyatini kuchaytirish bilan birga "yashirin iqtisodiyot"ga barham berish uchun amalga oshirilmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV.