Elektrdan yirik qarzdorligi bor iste’molchilar tarmoqdan uzilmoqda
- Past Darg‘om tumanida 4 mingga yaqin iste’molchi xonadoniga ASKUE elektr hisoblagichlari o‘rnatilmagan.
- Aholining tuman elektr tarmoqlari korxonasidan 12 milliard so‘m debitor qarzdorligi bor.
- Tumandagi “Kamalak invest tekstil” korxonasining 1 milliard so‘m, “Unsun momo” fermer xo‘jaligining esa 4 milliard 400 million so‘m qarzdorligi uchun tarmoqdan o‘chirilgan.
Ushbu ma’lumotlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-tur jarayonida ma’lum qilindi.
Bugungi kunda tumandagi 78756 iste’molchining 75 mingdan ziyodini aholi, 3666 tasini esa yuridik shaxslar tashkil etadi. 70 mingdan ziyod aholi xonadonlarida “aqlli” hisoblagichlar onlayn tizimida ishlamoqda.
- Tumanda noreal qarzdorlar soni asta-sekin kamaytirib borilmoqda, deydi ASKUE bo‘limi mutaxassisi Jamshid Shonazarov. – Yil boshida 8600 nafar iste’molchiga o‘rnatilgan hisoblagichlar bilan aloqa uzilgan bo‘lsa, 4 mingga yaqin hisoblagichlarida paydo bo‘lgan turli texnik nosozliklarni bartaraf etildi. Ayni vaqtda tizimga ulanmay qolgan 4650 nafar iste’molchi bilan ish olib boryapmiz. Ko‘pchilik xonadonlarda aholi yashamasligi yoki ular joylashgan hududda internet tizimi yaxshi ishlamasligi sababli ishimizda ayrim qiyinchiliklar uchrab turibdi. Qarzdor iste’molchilar aniqlanib, ma’muriy sudlarga hujjatlari rasmiylashtirilib berilmoqda.
- Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 331 ta transformator punkti va 600 kilometr uzatish tarmoqlari ta’mirlandi, - deydi tuman elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi vazifasini bajaruvchi Umid Salimov. - 1 noyabrga qadar qo‘shimcha 63 dona transformator va 38,6 km uzatish tarmog‘ini ta’mirlash ishlari rejalashtirganmiz. Mahallalarda turli qaror va dasturlar asosida 423 dona temir-beton ustunlari, 9 ta transformator punkti o‘rnatilib, 19 kilometr uzunlikda yopiq tipdagi SIP kabellari tortildi.
Aholining tuman elektr tarmoqlari korxonasidan 12 milliard so‘m debitor qarzdorligi bor. Yirik “Kamalak invest tekstil” korxonasining 1 milliard so‘m, “Unsun momo” fermer xo‘jaligining esa 4 milliard 400 million so‘m qarzdorligi uchun tarmoqdan o‘chirilgan.
Xususan, o‘tgan yili viloyat hokimligining mahalliy byudjeti hisobidan 310 dona temir-beton ustunlari hamda kabel tarmoqlari ajratilib, tumanning 35 ta mahallasida o‘z vaqtida o‘rnatish va tarmoq tortish ishlari bajarildi. Hozirda “Go‘zalkent” mahallasida 270 dona beton ustunlar va 14,95 km SIP kabellari tortish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, fuqarolarning murojaatlariga asosan tumanning Mehnat, Samarqand, To‘rttom mahallalarida 3 ta transformator punkti o‘rnatildi. Boldir mahallasida 65 ta tayanch ustunlari o‘rnatilib, 2,5 kilometr yangi tarmoq tortilgan. Tuman elektr ta’minoti korxonasida 7 ta tezkor brigada va tungi navbatchi brigada tashkil etilgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV.